Parkent salfetkalari haqida eshitganmisiz?
U buni maqtanish uchun aytmadi, bu otaning farzandlaridan gʻururlanishi edi, xolos.
Parkent tumani hokimining yoshlar bilan uchrashuvida Namdanak qishlogʻida istiqomat qiluvchi Abdumoʻmin Sobirjonov soʻz olib, uch nafar oʻgʻlining ishi toʻgʻrisida yigʻilganlarga xursand boʻlib gapirdi. U buni maqtanish uchun aytmadi, bu otaning farzandlaridan gʻururlanishi edi, xolos.
Uch aka-uka Sabriddin, Ruxiddin, Muhriddin Oripovlar yigʻgan mablagʻlariga oʻzlarining qishlogʻidan kichikroq binodan xona olib, moʻjazgina sex ochdi. Qogʻoz sochiq, yaʼni salfetka mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Yigitlar oʻzlaridan boshqa yana ikki nafar yoshni ham ish bilan taʼminladi.
Albatta, sexni bunyod etish, xonalarni moslashtirish, ishlab chiqarish uchun sharoitlar yaratish va xorijdan texnologiya keltirish hamda boshqa yumushlarni bajarish oson kechmadi. Lekin bugun ular Xitoydan olib kelingan uskunalarni boshqarishni binoyidek uddalamoqda, shu bilan birga, yaxshigina daromad ham olmoqda.
– Mahsulotlarni tumanimizdagi oshxonalar oladi, poytaxtimizdagi “Oʻrikzor”, “Eko” bozorlariga ham chiqaryapmiz, – dedi tadbirkor Ruxiddin Oripov. – Ishimiz yomon emas. Biz biznesimizni boshlashda ancha ikkilangan edik. Koʻpchilik uchun arzimagan boʻlib tuyulgan bu tadbirkorlikning oʻz oʻrni boʻlganidan bugun xursandmiz. Bitta yelim qopda 40 ta qadoqda mahsulot boʻladi. Ishimiz baroridan kelsa, bir kunda 30 qopni sotuvga chiqaramiz.
Tadbirkorlarning faoliyatini kuzatamiz. Dastgohga joylashtirilgan qogʻozlar oʻrami xuddi lenta misoli aylanib, dastlab gul bosish bosqichidan oʻtkaziladi, keyin maxsus uzunlikda joylashtirilib, oʻtkir tigʻli moslama bilan kesiladi va kompyuter koʻmagida kichik, oʻrtacha va katta xaltachalarga 50, 100, 200 donadan solinadi. Shundan soʻng esa yana moslama orqali yelim xaltachalar tikilib, sotuvga chiqarishga tayyor boʻladi.
Mavridi kelganda bir jihatga eʼtibor qaratsak. Uch aka-ukalar ham bugungi baʼzi tengdoshlari qatori biror ishni boshini tutmasdan yurishi mumkin edi. Ammo ular hayotda oʻz yoʻlini topib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻydi. Endi aka-ukalar bankdan kredit olib, korxona faoliyatini kengaytirmoqchi.
Dilfuza MIROBIDOVA,
“Parkent tongi” gazetasi muharriri.