Parchalanmas bir diyor – o‘zbek tili
Har bir millatning o‘z ona Vatani va o‘z ona tiliga ega bo‘lishi Davlat mustaqilligining muhim belgisidir. Husayn Boyqarodek ma’rifatli sulton hazrati Alisher Navoiyni “Turk tilining o‘lik badaniga ruh kiygizdi” deb ulug‘lagan va turkiy-o‘zbek tilining yangi hayotini boshlab berganini e’tirof etgan.
Har bir millatning o‘z ona Vatani va o‘z ona tiliga ega bo‘lishi Davlat mustaqilligining muhim belgisidir. Husayn Boyqarodek ma’rifatli sulton hazrati Alisher Navoiyni “Turk tilining o‘lik badaniga ruh kiygizdi” deb ulug‘lagan va turkiy-o‘zbek tilining yangi hayotini boshlab berganini e’tirof etgan.
2019 yil oktyabr oyida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ona tilimiz taqdiri bilan bog‘lik ikki buyuk tarixiy hujjatni imzoladi: 4 oktyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror va 21 oktyabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon e’lon qilindi. Bu ikki hujjat o‘zbek tili hayoti va rivojida yangi bir davrni boshlab beradi, deb o‘ylayman.
Prezident farmoni meni ona tilimiz va milliy yozuvimiz bilan bog‘liq mulohazalarimni jur’at bilan bayon qilishga undadi. Holbuki, yaqin-yaqingacha biz millatimiz ma’naviy hayoti bilan bog‘liq oddiy fikr va mulohazalarni aytishga ham imkon topolmay qolgan edik.
Insonga insonlik sharafidan dalolat beradigan to‘rt qadriyat bor: Birinchi, har bir inson o‘z erk va ixtiyoriga ega bo‘lmog‘i lozim. Ikkinchi, shar’iy yoki qonuniy kasb-kor orqali topgan molu dunyosi halol mehnatining mahsuli o‘laroq o‘z haqqi, o‘z mulki bo‘lmog‘i lozim. Uchinchi, har bir millat o‘z haqiqiy onasi bo‘lmish Vataniga, tug‘ilib o‘sgan yurti, ota-bobosidan meros qolgan diyoriga ega bo‘lishi lozim. Ona Vatanini boshqalar tasarrufiga berib qo‘yish insonlarning kechirilmas og‘ir jinoyati va xiyonati bo‘ladi. To‘rtinchi, har bir mamlakat xalqi asrlar bo‘yi asralib kelayotgan muqaddas diniga sohib bo‘lmog‘i lozim.
Marhum alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy “Turkiston qayg‘usi” asarida ana shu to‘rt xususni ta’kid bilan bayon qiladilar. Jamiyatshunos olimlar bu to‘rt ne’matga harbiy quvvatni ham qo‘shganlar va har bir millatning mustaqilligi uning mudofaa quvvatiga ham bog‘liq ekanini ta’kidlaganlar.
Yuqoridagi xususlarning uchinchisi va eng muhimi bo‘lmish ona Vatan mavzusiga o‘sha xalqning ona tili masalasi ham kiradi. Xalqimiz yaqin o‘tmishda “majburiy ruslashtirish” siyosatini va “hamma tillar o‘ladi, dunyoda bir til qoladi” degan qo‘rquvni boshidan kechirdi. Ustoz Erkin Vohidov bu jarayonni ifodalab, jumladan, bunday deb hayqirgan edi:
“Ey voiz, pastga tushgin,
Bu gap chiqdi qaerdan!”
Navoiy bilan Pushkin
Turib keldi qabrdan...
...Bu sado yangrar hamon,
Sira ado bo‘lmaydi.
Olam aytar: “Hech qachon
Ona tilim o‘lmaydi!”
Bas, ushbu maqolada ona tilining hayoti bilan bog‘liq besh mavzuda so‘z yuritamiz. Birinchisi, o‘zbek tilining bugungi ahvoli, uning mavqe-maqomini oshirish muammolari, Davlat tili haqidagi qonun tatbiqotining navbatdagi bosqichlari. Ikkinchisi, til tozaligini saqlash, rus va ingliz tillari orqali kirayotgan xalqaro so‘zlarning muqobilini tuzish choralari. Uchinchisi, 1989 yilda qabul qilingan Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning nima sababdan o‘zgarishga va tahrirga uchragani, undan olib tashlangan hayotiy moddalarni tiklash masalalari. To‘rtinchisi, lotin imlosini takomillashtirish va hayotga joriy etish borasidagi taklif va mulohazalar. Beshinchisi, eski lug‘atlarni qayta ishlash va yangi lug‘atlar tuzish masalasi. Bu masalalarning har biri bizdan uyg‘oq vijdon va adolat bilan so‘z yuritishni talab etadi.
Birinchi mavzu bilan bog‘liq mulohazalar. O‘zbekistonda davlat tili haqidagi Qonun qabul qilinganiga (1989–2019) o‘ttiz yil to‘ldi. Kamina Davlat tili haqidagi Qonunni tayyorlash hay’atining faol a’zosi edim. Atoqli olim, rahmatli Erkin Yusupov rais, Baxtiyor Nazarov, Akmal Saidov kabi olimlar faol a’zolardan edilar. Lekin hozir biz amal qilayotgan qonun 1989 yilda qabul qilingan Qonun emas, balki 1995 yilning 21 dekabrida deyarli yashirin uslubda xiyonatkorona ravishda o‘zgarishga uchragan yangi tahrirdagi Qonundir.
Nima bo‘lganda ham, Davlat tili haqidagi Qonun talablarini amalga oshirish borasida ancha xayrli ishlar qilindi, jiddiy natijalarga erishildi. Lekin Qonun amaliyoti ancha sustkashlik bilan bormoqda. Bu hol uch suratda jiddiy kuzatiladi:
1. Davlat tili haqidagi 1995 yilgi Qonunda o‘zbek tilini o‘rganish zaruriyatini belgilaydigan yoki unga rag‘batni oshiradigan biror band mavjud emas. Qonunga ko‘ra, fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga ega. Bu degani o‘zbek tilining jamiyatda hech qanday zaruriyati yo‘q, degani. Yana Qonunda O‘zbekiston fuqarolarining davlat tilini bilishi, o‘rganishi shartligi biror nuqtada qayd etilmagan. Shuningdek, biron davlat idorasiga ishga kirish yoki rasmiy tayinlovlarda davlat tilini bilish sharti belgilanmagan. Qisqasi, bu ifodalar boshqaruv sohasida va rasmiy muomalada urf bo‘lgan rus tilining mavqeini mustahkamlab, rasmiylashtirib bergan, xolos. Prezident Shavkat Mirziyoev farmonida “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish ta’kidlangan. Bu yangi tahrirdagi bo‘lajak Qonun o‘zbek tilining mavqeini to‘g‘ri belgilab berishi va xalq manfaatini o‘zida jamlashi zarur.
2. Turli ma’muriy idora va muassasalarda ona tilimizning to‘liq va chiroyli holda joriy bo‘lishiga loqaydlik bilan qarab kelindi. Xususan, ichki ishlar sohalarida davlat tiliga e’tiborsizlik uchrab turibdi. Turli tashkilotlardan aholiga keladigan ogohlantirish yoki qarzni to‘lash haqidagi tahdidli xatlar yigirma yillardan beri, asosan, rus tilida jo‘natiladi.
3. Chetdan kirayotgan so‘z, atama va istilohlarni ishlash butunlay bo‘shashib ketgan. Keyingi yillarda butkul to‘xtab ham qoldi. So‘zlar taqdiri – so‘z, atama, istiloh, mafhum va mu’lamani teran anglamaydigan, his etmaydigan kishilar qo‘liga o‘tib ketdi. Hech bir qonun Davlat tili haqidagi Qonundek beqadr bo‘lgan emas. Quruq gapdan ko‘ra amaliy faoliyatga o‘tganimiz yaxshiroq.
Ikkinchi mavzu bilan bog‘liq mulohazalar. Chetdan kirayotgan yangi so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobilini ishlab chiqadigan hamda o‘zbek tiliga moslab joriy etishni tartibga soladigan muassasa o‘ta zarur edi. Mana, O‘zbekiston Prezidentining maxsus farmoni bilan Davlat tilini rivojlantirish tashkiloti tuziladigan bo‘ldi. Unda “ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobillarini tuzish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash” masalasi belgilab berilgan. Endi bu muassasada tekinxo‘r va loqayd shaxslarni ko‘paytirishning keragi yo‘q. Vatan, millat, istiqbol tuyg‘usi vijdonidan o‘rin olgan, sidqidildan ishlaydigan, zakovati, farosati, diyonati yuksak, chin vatanparvar, xalqparvar shaxslardan sanoqli insonlar bu xayrli ishni o‘z zimmalariga olishi lozim. Afsuski, ko‘plab rahbar shaxslarning nutqi, gapirishi o‘zbekcha bo‘lsa ham, lekin tafakkur tarzi ruschadir. Ko‘plab muammolarni yuzaga keltirayotgan eng dardli masalalardan biri ana shudir.
Keyingi vaqtlarda hech qanday zarurat bo‘lmay turib, xabarlarda qo‘llanayotgan so‘zlarga diqqat qilamiz.
Administratsiya – bu so‘z eski lotin tilidan olingan. Holbuki, lug‘atimizda “Ma’muriyat” degan juda go‘zal so‘z bor. O‘rniga qarab, “Boshqaruv” deb qo‘llasa ham bo‘ladi. Bu ikki so‘z ko‘zlangan ma’noni, ya’ni “muassasa, korxona, tashkilot rahbarlari majmui”ni to‘liq ifodalaydi.
Departament – bu so‘z fransuz tilidan olingan. Buning o‘rniga “boshqarma”, “idora”, “birlashma” degan so‘zlarni bemalol qo‘llash mumkin.
Innovatsiya – ingliz tilidan kirib kelgan, asosan, “ixtiro”, “kashf”, “yangilik” so‘zlari bilan ifodalash mumkin.
Innovatsion – bu so‘zni “ixtiroli”, “ixtiroga oid” degan so‘zlar bilan ifodalash mumkin. Masalan, “ixtiroli g‘oyalar”, “ixtiroga oid maqsadlar”, “ixtiroli texnologiyalar”. Umuman olganda, bu atamaning aniq va chiroyli muqobilini topish mumkin.
Internet – ingliz tilidan kirib kelgan, uni “xalqaro tarmoq”, “xalqaro aloqa tarmog‘i”, “xalqaro aloqa”, “umumjahoniy aloqa” kabi so‘zlar bilan ifodalash mumkin.
Komissiya – lotin tilidan olingan va tilimizga kirgan. Lekin hamma o‘rinlarda aynan shu so‘zni qo‘llash shart emas. Uning o‘rniga “hay’at” so‘zini qo‘llash mumkin. Masalan, “Atamalar hay’ati”.
Kommunikatsiya – lotinchadan kirib kelgan; o‘rniga qarab: 1) “jamlamoq”, “bog‘lamoq”, “umumlashtirmoq”; 2) “xabar almashuv (jarayoni)”, “ma’lumot almashuv (jarayoni)”; 3) “fikr almashuv”, “aloqa” kabi so‘zlar bilan ifodalash mumkin.
Konsepsiya – lotinchadan kirib kelgan; matndagi o‘rniga qarab: 1) “nizom”, “maqsadlar nizomi”, “yo‘nalishlar tizimi”, “jamlanma tizim”, “yaxlit yo‘nalish”; 2) “birlashtiruvchi tizim”, “jamlovchi yo‘nalish”; 3) “fikr yuritish tizimi”; “maqsadlar tarkibi”, “qoidalar tizimi” kabi so‘z va iboralar bilan ifodalash mumkin. Masalan, “til siyosatini takomillashtirish nizomi”. Bu hali bir qarashda fikrga keladigan ma’nolaridir. Diqqat-e’tibor bilan ishlansa, to‘liq ifodalaydigan o‘zbekcha istilohni topish mumkin bo‘ladi.
Monitor – lotin va ingliz tilidan kelgan. O‘rniga qarab, “nazorat qiluvchi”, “kuzatuvchi”, “ogohlantiruvchi” kabi so‘zlarni, shubhasiz, qo‘llash mumkin.
Monitoring – ingliz tili orqali kelgan; “nazorat”, “kuzatuv” kabi so‘zlar bilan ifodalash, o‘rniga qarab, “ogohlik hay’ati” deb ishlatish mumkin. Masalan, “Kuzatuvni amalga oshirish”, “Nazoratni belgilash”, “Ogohlik hay’atini qo‘yish” kabi.
Moratoriy – lotinchadan kelgan, uni “to‘xtatuv”, “kamaytiruv”, “to‘xtatuvchi”, “sekinlashtiruvchi”, “kamaytiruvchi” kabi so‘zlar bilan bemalol ifodalash mumkin.
Organ – eski yunon tilidan kelgan; uni “idora”, “muassasa”, “tashkilot” kabi so‘zlar bilan ifodalash mumkin. Masalan, “davlat idoralari”, “davlat tashkilotlari” “davlat muassasalari”, “hokimiyat idoralari”.
Termin – “atama”, “istiloh”, “mafhum”, “mu’lama” kabi so‘zlar bilan almashtirish mumkin. Bu so‘zlar ilmiy kitoblarimizda hozirgi kunda faol ishlatilmoqda.
Shtat – nemis tilidan kirib kelgan; “ish o‘rni” (isho‘rni), “xizmat o‘rni”, “xizmat tarkibi”, “lavozim” kabi so‘zlar bilan ifodalash mumkin. Masalan, “10ta ish o‘rni birligi”.
Murakkab so‘z, ibora va istilohlar o‘rniga xalq tushunishi mumkin bo‘lgan so‘zlarni qo‘llash yaxshi emasmi? Ularning ma’nosini anglash uchun lug‘at titishga kimning imkoni bor? Ajabki, mustamlaka davrida rus tili orqali kirib kelgan so‘zlarni majburiy ravishda qabul qilgan bo‘lsak, endi xoh o‘rinli bo‘lsin, xoh o‘rinsiz bo‘lsin, hatto zarurat va ehtiyoj bo‘lmaganda ham, o‘z ixtiyorimiz bilan o‘sha so‘zlarni qo‘llayotirmiz.
Jahondagi ba’zi millatlar tajribasidan shu narsa ma’lumki, lug‘atimizga kirib kelayotgan yangi xalqaro atamalarni ifodalashda birinchi yili o‘sha xalqaro atama yozilib, yoniga qavs ichida o‘zbekcha shakli yoziladi, ikkinchi yili avval o‘zbekcha shakli yozilib, yoniga qavs ichida xalqaro shakli yoziladi. Uchinchi yili esa u istiloh ona tilimizda bemalol qo‘llanilaveradi. Chunki endi xalq uni tushunadigan bo‘lib qoladi.
Eng qizig‘i, “s” harfi ishtirok etadigan so‘zlar lotinchada “s” va “t” harflari bilan o‘qilganda kulgili tovushlar yuzaga keladi.
“Mahkama” degan so‘z aslida hukm qilinadigan joyni, “oliy sud”, (“tribunal”) degan ma’nolarni anglatadi. Barcha lug‘atlarda bu so‘z ana shu ma’noda qo‘llangan. Keyingi davrda umuman, “boshqarma”, “idora” degan ma’nolarda qo‘llanmoqda. “Vazirlar mahkamasi” degani “Vazirlar hukmxonasi” (yoki “Vazirlar qozixonasi”) degan ma’noni bildiradi. Bu dargoh nomini hali ham yaxshi tomonga o‘zgartirishga imkon bor. Masalan, “Vazirlar Kengashi” – qanday chiroyli nom.
Uchinchi mavzu bilan bog‘liq mulohazalar. 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan Davlat tili to‘g‘risidagi Qonunning “yangi tahrir”ga uchraganini tushunish mumkin. Lekin u qonundan xalqimiz, millatimiz hayoti uchun suv bilan havodek zarur bo‘lgan moddalarning chiqarib tashlanganini qanday tushunamiz? Nima sabab, nima zaruriyat, nima majburiyat va nima fitnalar bilan 1989 yilgi Davlat tili to‘g‘risidagi Qonundagi ayrim hayotiy moddalar qisqartirilgan?
Avvalgi Qonunning 1-moddasida davlat tili o‘zbek tili ekanligi belgilanib, “O‘zbekiston Respublikasi o‘zbek tilini butun choralar bilan rivojlantiradi va uning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalarida to‘liq amal qilishini ta’minlaydi” degan band bor edi. 1995 yil 21 dekabrdagi Qonunda esa xiyonatkorona ravishda bu modda tark etilgan.
Shuningdek, 4-moddada: “O‘z faoliyatiga ko‘ra aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq shaxslar xizmat vazifasini bajarish uchun davlat tilini zarur bo‘lgan darajada bilishlari lozim” deb ta’kidlangan. “Yangi tahrir”da esa bu banddan voz kechilgan. O‘zbek tilining nima uchun 20-25 yil ichida ancha xarob ahvolga tushib qolganining sabablari ana shundadir. Diqqat qilgan kishi mustamlaka davrining qonuni ba’zi jihatlardan mustaqillik davri qonunidan ustun ekanini anglaydi.
1989 yil 21 oktyabrdagi Qonunning 16-moddasida “Arab alifbosiga asoslangan qadimiy o‘zbek yozuvi”ni hayotning hamma jabhalarida o‘rgatish, uni “o‘quv fanlaridan biri sifatida o‘qitish ta’minlanadi” deb belgilangan va “buning uchun ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanishi”, bu yozuvda “o‘quv qo‘llanmalari, kitoblar, gazeta va jurnallar nashr etilishi” belgilangan edi. 1995 yil 21 dekabrdagi Qonunda esa bu modda tag-tomiri bilan yo‘q qilindi. Xalqni o‘z asliyatidan uzoqlashtirishga, o‘z qadimiy manbaidan mahrum etishga qanday qilib jur’at etishdi ekan? Bu “Yangi tahrirdagi Qonun” mualliflari va tashabbuskorlarining xalqimiz va kelajak avlod oldidagi buyuk jinoyati edi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida: “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin” deb belgilangan.
Bu yangi tahrirdagi bo‘lajak Qonunda o‘zbek xalqining o‘n ikki asrlik ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-madaniy va badiiy xazinalarini o‘zida jamlagan arab alifbosi asosidagi qadimiy o‘zbek yozuvini o‘rgatish masalasi, albatta, tiklanishi zarur.
Hozirgi kunda Abu Rayhon Beruniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti qo‘lyozmalar xazinasida necha minglab manbalar o‘rganilmay yotibdi. Ularni o‘rganish va xalqimizga yetkazishda yetuk mutaxassislar yetishmayotir. Matnshunoslik va manbashunoslik instituti yoki universitetini ochishga zaruriyat bor.
To‘rtinchi masala bilan bog‘liq mulohazalar. Jahon tarixida hech bir millat yozuv borasida o‘zbek xalqidek buyuk musibatga uchragan bo‘lmasa kerak. Bu xalq 64 yil ichida uch marta, balki, to‘rt marta imlo inqilobini boshidan kechirdi.
Arab yozuvi VIII asrdan boshlab XX asrning 1929 yiligacha qo‘llangan. Eski turkiy (o‘zbek) yozuvi sifatida esa XI asrdan 1929 yilgacha qo‘llangan. Arab yozuvi o‘laroq o‘n ikki asr, eski turkiy yozuv o‘laroq o‘n asr qo‘llangan. Xalqimizning jahon tarixidagi eng sharafli, eng buyuk, eng o‘lmas ilmiy-ijodiy asarlari bu yozuvda bitildi.
1929 yildan lotin yozuviga o‘tildi. O‘zbekiston maktablarida esa lotin alifbosiga o‘tish 1927/28 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich joriy bo‘lgan.
1940 yildan til siyosati tazyiqi bilan, boshqa respublikalarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham kirill-rus yozuvi asosidagi alifbo joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1993 yilning 2 sentyabrida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. 2004 yilda yana bir fojia yuz berdi: bu qonunga va uni amalga kiritish tartibi haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaroriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 2004 yil 30 aprelda o‘zgarishlar kiritadigan qonun qabul qildi. Bu hujjatga binoan, yangi alifboga o‘tish 2010 yilning 1 sentyabriga qadar amalga oshirilishi lozim edi.
Qisqa qilib aytsak, lotin imlosi hozirgi ahvolda xalqimiz talabiga to‘liq javob bermaydi va bizning so‘z xazinalarimizni mukammal ifoda eta olmaydi. Uni shoshma-shosharlik bilan takomillashtirib bo‘lmaydi. Lekin imkon boricha tezroq takomillashtirish zarur. Ayniqsa, (Q), (O‘) harflarini ishlash zarur. Qo‘qon (QOʻQON) degan yozuvni qiziqchilar ham mazax qiladigan bo‘lishdi.
Mumtoz adabiyotda ulug‘ shoirlarimizning devonlari arab alifbosi asosidagi qadimiy turkiy-o‘zbek yozuviga asoslangan. Ya’ni devon alif – ا (a), ب (b), ت (t), ث (s) va boshqa harflar bilan tugaydigan g‘azallardan tuziladi. Jami 29 harf bilan tugaydigan g‘azallardan iborat devon mukammal devon hisoblanadi. Barcha mumtoz shoirlar devonida ayn ع (‘) harfi bilan tugaydigan g‘azallar ham bor. Modomiki, “X” harfini shu holda oldikmi, demak, o‘zbek tili talablarini hisobga olib, boshqa ba’zi harflarni ham qayta ishlashimiz zarur. Milliy yozuvimizni “ayn” harfisiz tasavvur etish mumkin emas.
1. Oʼ (O‘) harfini ifodalashda o‘ziga xos yo‘l tutishga majburmiz. Ya’ni lotindagi mavjud U (U) harfi ustiga O‘ harfining belgisiga o‘xshagan belgi qo‘yib, O‘ harfini vujudga keltirishimiz lozim.
2. Q (Q) harfini ham olimlar bilan o‘ylab, maslahatlashib ko‘rishimiz zarur. Uni boshqacha ifodalashga zarurat bor.
3. Oldingi ayirish belgisiga o‘xshagan belgini “hamza” belgisi o‘rnida qo‘llab, lotin imlosiga ayn (‘) harfini qo‘shishimiz zarur. Yo‘qsa, yozuvimiz mumtoz she’riyat namunalarini ifoda eta olmaydi va biz kulgili ahvolga tushib qolamiz. Masalan, Alisher Navoiyning “ayn” harfi bilan tugagan “Olamda yo‘q sendek shujo’” satrini ifodalash uchun lotinchada “ayn” harfi zarur.
Davlat tilini rivojlantirish hay’ati ish boshlaganda ba’zi masalalar yana ravshanroq muhokama qilinishi kerak. Imlo – millatning taqdiri, tarixiy merosning tili, kelajakning poydevori! Endi boshqa xatoga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Millat hayotini tajribalarga sarflab isrof qilmasligimiz kerak.
Beshinchi masala bilan bog‘liq mulohazalar. Mustamlaka davrida o‘zbek tilining so‘z boyliklari oktyabr inqilobi deb atalgan davrdan, ya’ni 1917 yildan keyingi adabiyot namunalaridan yig‘ilgan. Bunga ko‘rinmas tazyiq va majburiyatlar sabab bo‘lgandir. Navoiy asarlari lug‘ati alohida, Bobur kitoblari lug‘ati alohida, Mashrab she’riyati lug‘ati alohida! Axir, bu mumtoz adabiyot – Devon adabiyoti so‘z xazinalarining hozirgi zamon lug‘atlariga kirishga haqqi yo‘qmi? Bu so‘z xazinalari alohida-alohida kitoblarda jamlanishi bilan birga, ularni imlo lug‘atimiz, izohli lug‘atimiz va boshqa lug‘atlarimizga kiritish zarur. Lug‘at borasida, garchi 27 yildan beri mustaqil sanalsak ham, hamon mustamlaka o‘lchovlari asosida ish yurityapmiz.
O‘zbek tilining imlo lug‘ati va izohli lug‘atini butkul qaytadan tuzish lozim. Unda Mavlono Lutfiy, Shayxzoda Atoiy va Alisher Navoiy ijodidan boshlab to bugungi kungacha bo‘lgan so‘z xazinalari jamlanishi shart. Lug‘atlarning hammasini qayta tuzish kerak. Bu ishda layoqatli, iste’dodli va ilmli shaxslarni, ayniqsa, yosh olimlarni jamlash zarur.
Ko‘ksim ichra bir sharor o‘zbek tili,
Etgay olamni bahor o‘zbek tili.
Qoldi Yofasdan aziz yodgor bo‘lib,
Parchalanmas bir diyor – o‘zbek tili!
Necha imlo o‘zani o‘zgardiyu,
Oqdi mangulikka yor o‘zbek tili.
Toki olam barqarordir, to abad,
Olam ichra barqaror o‘zbek tili!
Til, yozuv, lug‘at va adabiyot millat ruhiy-ma’naviy hayotini aks ettirishda, xalqning ma’naviyatini namoyon etishda eng qimmatli omildir. Bu xayrli ishda va Prezident farmonini amalga oshirishda bor kuch-g‘ayrat, ilm va ma’rifatimizni ishga solishimiz lozim.
Mirzo KENJABEK,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi