Parasportchi o‘g‘il-qizlarimiz matonati va jasorati ham alohida e’tirof etildi
– Bugun parasportchi o‘g‘il-qizlarimizning matonati va jasoratini ham alohida e’tirof etmoqchiman, – dedi Prezidentimiz.
Yaqinda yakunlangan Paraosiyo o‘yinlarida ular 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza – jami 145 ta medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
Pauerliftingchi Ro‘za Qo‘ziyeva oltin medal bilan birga jahon rekordini ham o‘rnatdi. Lolaxon Qodirova suzishda, Madina Muxtorova va Karomat Omonova yadro uloqtirishda, Shahina Yigitaliyeva nayza uloqtirishda, Navro‘za Ahmadova esa disk uloqtirishda Osiyo rekordlarini yangiladi.
Yegor Bolotov to‘rtta, Xurshid Qodirov uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash bo‘yicha Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangilab, ikkinchi marta Osiyoda tengsiz ekanini namoyon etdi.
Asila Mirzayorova Osiyo paralimpiya qo‘mitasining 2026-2030-yillar uchun sportchilar qo‘mitasi a’zosi etib saylandi. Prezidentimiz buni o‘zbek sportiga xalqaro e’tirof namunasi sifatida baholadi.
O‘zA