Para shaxmatchilarimiz tantanali kutib olindi
Samarqand shahrida poyoniga yetgan III Butunjahon shaxmat paralimpiadasida tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.
Tarixiy natijaga erishgan matonatli sportchilarimizni kutib olish marosimida para sportchilarimizning yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari, muxlislar va soha vakillari ishtirok etdi.
Para shaxmatchilarimizga gullar va esdalik sovg‘alari taqdim etilib, ularning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati munosib e’tirof etildi.

Eslatib o‘tamiz, nufuzli musobaqada 36 ta davlatdan 41 ta jamoa va 164 nafar para shaxmatchi ishtirok etdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi III Butunjahon shaxmat paralimpiadasida uchta jamoa bilan qatnashib, birinchi jamoamiz tarixiy natijani qayd etdi.

Hal qiluvchi 7-tur bahsida O‘zbekiston-1 jamoasi Isroil vakillarini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, 11 ochko bilan musobaqada bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor Butunjahon shaxmat paralimpiadasining sovrindoriga aylandi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA