Pandemiyada onlayn xizmatga talab oshdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsanoatqurilishbank”da biznes jarayonlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish istiqbollariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Bozorov axborot berdi.
Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni asosida ishlab chiqilgan strategiya va “Yo‘l xaritasi” banklar uchun muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
“O‘zsanoatqurilishbank” tizimida farmonda ko‘rsatilganidek, yangi “raqamli banking” tamoyillari asosida biznes-model joriy qilinib, unga ko‘ra bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda.
Brifingda o‘tgan bir yilda tizimda biznes jarayonlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, joriy yilga mo‘ljallangan rejalar xususida axborot berildi.
– Barchangizga ma’lumki, koronavirus pandemiyasi sharoitida onlayn xizmatlarga bo‘lgan talab oshib ketdi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Bozorov. – Ana shunday sharoitda bankimiz tomonidan 2020 yilning may oyida JOYDA mobil ilovasining ishga tushirilgani xalqimizning ham vaqtini, ham mablag‘ini tejash barobarida, sog‘lig‘ini asrashda ham muhim omil bo‘ldi.
O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib, onlayn kredit xizmatlar va marketpleysni o‘z ichiga olgan ushbu mobil ilova mijozlarga masofadan turib ham bank xizmatlari, ham mahsulotlarni muddatli to‘lov asosida xarid qilish imkoniyatini taqdim etdi. Bu esa mobil ilovaning qisqa fursatda aholi o‘rtasida ommalashuvini ta’minladi.
JOYDA mobil ilovasining ishlay boshlaganiga ko‘p o‘tmagan bo‘lsa-da, bugungi kunga kelib platformadan foydalanuvchilar soni 340 ming kishiga yetdi. Plastik kartaga o‘tkazmalar 540 milliard so‘mni tashkil etdi, 650 milliard so‘mlik onlayn kreditlar rasmiylashtirildi, qariyb 95 milliard so‘mlik 1 500 dan ortiq omonat hisobvarag‘i ochildi, 5 600 ta karta muomalaga chiqarilib, egalariga yetkazib berildi.
Platforma tadbirkorlarimiz uchun ham qulay savdo maydonchasiga aylandi. Jumladan, hozirgi paytda 100 dan ortiq savdo-servis korxonasi va ishlab chiqaruvchilar onlayn savdoga jalb qilingan. Ular tomonidan 15 mingta mahsulot joylashtirilib, umumiy qiymati 21,3 milliard so‘mga teng qariyb 5 mingta tovar sotildi.
Platforma, shuningdek, yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar va sug‘urta kompaniyalariga ham xizmat ko‘rsatish ko‘lamini oshirishlariga qo‘shimcha imkoniyatlar bermoqda.
bugungi kunda bank mijozlar xohish-istagidan kelib chiqib, mazkur mobil ilovaning veb talqinini ishga tushirish arafasida turibdi. Bank, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini bir joyda birlashtirgan JOYDA ilovasidan tez orada kompyuter qurilmalari orqali ham foydalanish mumkin bo‘ladi.
Shu kunlarga rejalashtirilgan yangiliklardan yana biri – masofadan turgan holda, JOYDA ilovasi orqali bank xizmatlariga navbatga turish xizmatini joriy qilishdan iborat. Bu yechim ham bugungi shiddatli zamonda mijozlarga vaqtdan yutish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
Bundan tashqari, bank tomonidan axborot tizimidagi mavjud protsessing dasturiy ta’minoti (PDT) o‘rniga Open Way PDTni ishga tushirish ustida ish olib borilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida Visa, Mastercard, UnionPay kabi xalqaro plastik kartalarni emissiya qilish, ularga xizmat ko‘rsatish, shu bilan birga JCB kartalariga ekvayring xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur xalqaro kartalar asosida mijozlar o‘tkazmalarni bajarishi, karta aylanmasini onlayn kuzatib borishi, limitlar hamda cheklovlar o‘rnatishi va boshqarishi, kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirishi, pin kodni almashtirishi, E-PIN-mijoz tizimi tomonidan mustaqil ravishda pin kodni shakllantirishi, internet to‘lovlarini bajarishi, savdo tashkilotlariga elektron tijorat faoliyatini amalga oshirish singari xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, mazkur tizimni takomillashtirish natijasida virtual kredit kartalar, multivalyutali kartalarni muomalaga chiqarish ham ko‘zda tutilgan.
Reklama huquqi asosida
O‘zA