Pandemiya hali nihoyasiga yetgani yo‘q
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken koronavirusga test topshirib, ushbu kasallik bilan xastalangani ma’lum bo‘ldi, deb xabar tarqatdi chorshanba kuni davlat departamenti.
"Bugun davlat kotibi Entoni Blinken PSR-test topshirdi, natija musbat chiqdi. Davlat kotibi to‘liq emlangan, u shuningdek, virusga qarshi buster vaksinasini ham olgan, shu bois kasallik alomatlari juda oz kuzatilmoqda", deyiladi davlat departamenti matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.
Xabarda aytilishicha, davlat kotibi so‘nggi bir necha kunda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan shaxsan uchrashmagan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, Blinken bir necha kun uyda bo‘ladi va faoliyatini virtual shaklda olib boradi.