Kurash: “Olimpiya shaharchasi”da qozog‘istonlik olimlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Mamlakatimiz sportida, hususan sport ta’limida yuz berayotgan o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishish maqsadida O‘zbekistonga kelgan Qozog‘istonning Chimkent shahrida joylashgan Mintaqaviy innovatsion universiteti delegatsiyasi a’zolari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”ga keldi.
Tashrif davomida qo‘shni mamlakat sport ta’limi delegatsiyasi a’zolari Xalqaro kurash institutining professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Chimkentdagi Mintaqaviy innovatsion universiteti rektori Yermakxan Kistaubayev boshchiligidagi delegatsiya Xalqaro kurash instituti prorektori Komil Muhammadiyev, mutaxassislar bilan muloqot davomida kurash sportini rivojlantirish, uning ilmiy asoslarini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish, kurash sportining ta’lim yo‘nalishini yangi bosqichga olib chiqish borasida o‘zaro fikr almashdi.

Mehmonlar “Olimpiya shaharchasi” va uning infratuzilmasiga yuqori baho berib, O‘zbekiston sporti keng miqyosli innovatsion rivojlanish bosqichiga ko‘tarilganligini e’tirof etishdi.
Muhokamalar jarayonida har ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida kurash sportini rivojlantirish, mahoratli murabbiy mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha takliflarni ilgari surishdi.
Uchrashuvda Xalqaro kurash instituti tomonidan Chimkentdagi Mintaqaviy innovatsion universitet bazasida kurash bo‘yicha kelgusida o‘tkaziladigan seminar va o‘quv mashg‘ulotlar uchun adabiyotlar, darsliklar, audio qo‘llanmalar, monografiyalar ajratish, shuningdek hamkorlikda kurash darsliklarini yaratish, professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari belgilab olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA