O‘zXDP: saylovlarda xalq ishonchi muhim
27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylovlar oldidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Namangan shahar kengashi tomonidan Davlat xizmatlari markazida saylovoldi targ‘iboti bo‘lib o‘tdi.
Unda parlament quyi palatasi deputatligiga nomzodi ilgari surilgan Nasiba G‘afurova, xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga ko‘rsatilgan nomzod Ilhomjon Otaboyev saylovchilar bilan uchrashdi.

O‘zXDPdan xalq vakilligiga ko‘rsatilgan nomzodlar o‘z dasturida partiya elektorati, umuman olganda, yurtimizdagi har bir insonning munosib sharoitda yashashi, huquq va manfaatlari teng himoya qilinishi, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirish shartlaridan kelib chiqqan holda navbatdagi besh yil uchun mo‘ljallangan ustuvor maqsadlar va vazifalarni belgilab olgan.

Uchrashuvda partiya saylovoldi dasturiga kiritilgan ijtimoiy himoyani kuchaytirish, pensiya tizimiga o‘zgartirishlar kiritish, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyati aniq misollar bilan tushuntirildi.
Tadbirda, saylovlarda faol ishtirok etish hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.