“O‘ztransgaz”da korrupsiyadan xoli muhit yaratilmoqda
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati komplayens-nazorat bo‘limi tomonidan 2025 yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Tashkilotning komplayens-nazorat bo‘limi boshlig‘i Jahongir Xolmirzayevning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 maydagi qarori ijrosi doirasida tizimda xavf-xatarlarni baholash tartiblari joriy etilgan hamda natijalar “E-antisor.uz” platformasiga joylashtirilgan.
Shuningdek, tabiiy gaz hisobini yuritishda inson omilini minimallashtirish maqsadida raqamlashtirish asosida ikki muhim loyiha – energiya resurslari va texnologik jarayonlarni monitoring qilishni avtomatlashtirish tizimi hamda tezkor dispetcherlik hisobini yuritish tizimi joriy etilmoqda. Ushbu yangiliklar tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Brifingda ma’lum qilinishicha, 2025 yil 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengash yig‘ilishidagi topshiriqlarga muvofiq, 6 mart kuni “O‘ztransgaz” AJ va Bosh prokuratura hamkorligida tadbir o‘tkazilib, korrupsiyaga qarshi tizimli choralarni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
– Bugungi kunda jamiyatda axborotlarni o‘z vaqtida rasmiy veb-saytda e’lon qilish, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olish, xodimlar tomonidan kasbiy etika qoidalariga rioya etilishini ta’minlash borasida maqsadli ishlar amalga oshirilyapti. Shuningdek, xodimlar uchun o‘quv kurslar joriy etilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish shartlari “O‘ztransgaz” AJ tomonidan tuzilayotgan barcha xo‘jalik shartnomalarida o‘z aksini topmoqda. Hisobot davrida 24 kontragent faoliyati o‘rganilib, salbiy holatlar qayd etilmagan. Ishga qabul qilish jarayonlarini yanada shaffoflashtirish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’lonlar jamiyatning rasmiy veb-saytida va Yagona Milliy mehnat tizimida har oy e’lon qilinib boriladi. Nomzodlar maxsus test sinovlari orqali tanlab olinadi, – dedi J.Xolmirzayev.
Bo‘lim rahbariga ko‘ra, amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar “O‘ztransgaz” AJ faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA