“O‘zsuvta’minot” AJ: amaliy ishlar va istiqbol rejalari
Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash mamlakatimiz ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, yangi infratuzilma barpo etildi, mavjud tarmoqlar modernizatsiya qilindi.
Bu jarayonlarda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yangi suv ta’minoti tarmoqlari qurilishi, eski quvurlarni rekonstruksiya qilish, suv inshootlarini modernizatsiya qilish va aholi punktlarida ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalar xususida “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Tohirjon Haydarov bilan suhbatlashdik.
– Keyingi yillarda suv ta’minoti tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi va ularning asosiy manbalari haqida ma’lumot bersangiz? Ushbu mablag‘lar hisobidan qanday natijalarga erishildi?
– So‘nggi sakkiz yilda sohani rivojlantirish uchun 27,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘ning salmoqli qismi oxirgi uch yilga to‘g‘ri keladi. Moliyalashtirish asosan respublika byudjeti hisobidan amalga oshirildi, shuningdek, qator xalqaro moliya institutlari ham ishtirok etdi.
Mazkur mablag‘lar evaziga minglab infratuzilma ob’ektlari barpo etildi, o‘n minglab kilometr suv tarmoqlari tortilishiga erishildi. Natijada millionlab aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, ko‘plab hududlarda suv ta’minoti sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
– Mamlakatimizning turli hududlarida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
– Masalan, Surxondaryo viloyatida “To‘palang” suv ombori negizida amalga oshirilgan loyiha natijasida 140 mingdan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Jizzax viloyatida Zarafshon daryosi suvlaridan foydalanish asosida bir qator tuman va shaharlardagi aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Qashqadaryo viloyatidagi “Oqsuv-Dehqonobod” loyihasi esa tumandagi aholining katta qismini ilk bor markazlashgan suv tarmog‘iga ulash imkonini berdi.

– Sohada xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Xalqaro hamkorlik ham qator yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Toshkent viloyatidagi “Qodiriya” suv inshooti rekonstruksiya qilindi, natijada bir necha tuman aholisining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Jahon banki ishtirokida Buxoro viloyatidagi suv tozalash inshootlari modernizatsiya qilinib, Olot va Qorako‘l tumanlaridagi aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
– Suv ta’minoti tizimida raqamli texnologiyalar qanday qo‘llanilmoqda?
– “UzWater” yagona billing tizimi orqali hisob-kitoblar shaffofligi ta’minlandi. Iste’molchilar uchun shaxsiy kabinet tizimi joriy etildi. Geoaxborot texnologiyalari asosida suv tarmoqlari va inshootlarning raqamli xaritalari shakllantirildi. SCADA tizimi orqali suv inshootlarini masofadan turib nazorat qilish va boshqarish imkoniyati yaratilmoqda.
– Suv resurslaridan samarali foydalanish va energiya tejamkorlik borasida qanday ishlar qilinmoqda?
– Minglab eski nasos uskunalari energiya tejamkor uskunalarga almashtirildi. Ayrim ob’ektlarda quyosh panellari o‘rnatildi. Shuningdek, suv hisobini aniq yuritish maqsadida zamonaviy hisoblagichlar joylashtirildi.

– Kelgusidagi rejalar va istiqboldagi vazifalar qanday?
– Yangi infratuzilma ob’ektlarini qurish, mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish, xizmatlar qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan. Davlat-xususiy sheriklik asosida yangi loyihalarni amalga oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalasi ham dolzarb.
– Aholiga qanday murojaat qilgan bo‘lardingiz?
– Suv cheklangan tabiiy resurs hisoblanadi. Uni tejab ishlatish uchun har birimiz mas’ulmiz. Ichimlik suvidan oqilona foydalanish, tarmoqlarga zarar yetkazmaslik va xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish suv ta’minoti tizimining barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universitetining 4-bosqich talabasi
Akbar Po‘latov suhbatlashdi.
O‘zA