Ozon – ona zamin qalqonidir!
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 326-maktabda “16 sentyabr –Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuni” munosabati bilan “Ozon – ona zamin qalqoni” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ekopartiya faollari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov o‘z so‘zida bugungi kunda ozon qatlamining tobora yemirilib borayotgani, ozon – quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha nurlardan bizni himoya qiluvchi yagona qalqon ekaniga alohida to‘xtalib o‘tdi.
—Ozon qatlami haqida gap ketar ekan, shu bilan bir qatorda, ekologik ta’lim-tarbiyaning ahamiyati ham nihoyatda yuqori. Zero, ekologik ta’lim-tarbiya tabiat va jamiyat o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash hamda tabiiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyatga egadir. Shuningdek, ekologik ta’lim-tarbiya yoshlarni tabiatdan ongli ravishda foydalanish va ular qalbida tabiatga mehr-muhabbat uyg‘otish hamda tejamkorlikka o‘rgatishda qo‘l keladi,– dedi Toshkent shahar hokimi maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev.
So‘zga chiqqanlar –O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti raisi Sevara Fayziyeva, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Olmazor tumani partiya tashkiloti raisi Shahnoza Umarxo‘jayeva, shoir Mirzo Karim ham o‘z chiqishlarida bugungi kunning Ekologik muammolari va Ozon qatlamining naqadar ahamiyatli ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad– Ozon qatlamiga insonlar tomonidan yetkazilayotgan salbiy ta’sirlarni kamaytirish, fuqarolarda ekologik madaniyatni shakllantirish hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasining saylovoldi targ‘ibot ishlarini amalga oshirishdan iboratdir.
Bu kabi davra suhbatlari o‘sib kelayotgan yosh avlodda ona tabiatni sevishga, tevarak-atrofni osoyishta va pokiza saqlash haqidagi tushunchalarining keng shakllanishiga yordam beradi va hayotimiz xotirjamligi va halovatini yanada mustahkamlaydi.
O.Bekmurodova