Ozodlik shukuhidan ortiq baxt bormi...
Bu hujjat ko‘plab oilalarga qo‘shaloq bayram shukuhini ulashdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu hujjat ko‘plab oilalarga qo‘shaloq bayram shukuhini ulashdi.
Darhaqiqat, adashib huquqbuzarlik yo‘liga kirgan va sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni to‘g‘ri yo‘lga, oilasi bag‘riga qaytarish o‘zini insonparvar davlat, deb biladigan har qanday mamlakat oldidagi muhim masalalardan biridir.
Prezidentimizning farmoniga muvofiq, jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 92 fuqaro afv etildi, ulardan 20 nafari jazodan to‘liq ozod etiladi, 37 nafari shartli ravishda muddatidan avval ozod etiladi, yana 16 nafar shaxsga nisbatan belgilangan jazo yengilrog‘iga almashtiriladi, bir so‘z bilan aytganda, jazoni ijro etish muassasalaridan hamda probatsiya xizmati organlari hisobidan chiqariladigan fuqarolar soni 73 nafarni tashkil etadi. Bundan tashqari, yana 19 shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum etish ko‘rinishida belgilangan jazo qisqartiriladi.
Mamlakatimiz hayotiga tatbiq qilingan avf etish instituti tom ma’nodagi insonparvarlik ifodasi bo‘lib, mohiyatida insonparvarlik, kechirimlilik, bag‘rikenglik kabi tushunchalar yotadi. Bugun afv etilgan yurtdoshlarimiz ushbu tamoyillarni o‘z hayotida his qilmoqda.
Jazodan ozod qilingan yoki muddati qisqartirilganlar ham o‘z fuqarolarimiz, o‘z mahalladoshlarimiz. Albatta, ularning ham uyda intiq kutayotgan ota-onasi, akasi, singlisi, yoru birodari, farzandlari bor. Jazoni ijro etish muassasalarida o‘tadigan bir yil, hatto bir kun, bir soat nafaqat mahkumlarning o‘zi, balki oila a’zolari uchun ham og‘ir kechishi hech kimga sir emas.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘mak berish bo‘yicha mahallalarimiz oldida katta vazifa turibdi. Azaldan yiqilganni suyash, adashganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, egri yo‘lga qadam bosganlarni jamoatchilik orqali tarbiyalashdek ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalarni bag‘rikenglik va adolat bilan uddalab kelayotgan fuqarolar yig‘inlari afv etilgan kishilarga ham o‘z bag‘rini ochadi, chin dildan ko‘maklashadi, albatta.
Qabul qilingan farmon asosida ko‘plab odamlar ozodlikka chiqadi, ko‘plarining jazosi yengillashtirilmoqda. Bu esa yuzlab oilalarning xursandchiligi degani. Axir oila to‘liq bo‘lishidan, ozodlik shukuhidan ortiq baxt bormi, dunyoda.
Albatta, avf etilganlarning jamiyatga moslashuvini ta’minlash oldimizda turgan galdagi dolzarb vazifalardan sanaladi. Bu jarayonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, hamkor tashkilotlar – “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi yanada faollik ko‘rsatadi. Zero, ushbu yurtdoshlarimizning jamiyatda o‘rnini topishi, mahalla-ko‘yga qo‘shilishi, zarur mehnat va yashash sharoitiga ega bo‘lishi, umuman olganda, sog‘lom turmush tarziga qaytib, boshqa adashmasligi barchamizga bog‘liq.
Jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilaning jam bo‘lishi, ayniqsa, oila boquvchisi, tarbiyachisi bo‘lgan ota-onaning uyga qaytishi juda chuqur ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega. Mazkur farmon ayni vaqtda oilaning davlat muhofazasida bo‘lishiga ham xizmat qiladi.
Qolaversa, kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ishonamiz.
Shavkat JAVLONOV,
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha
Respublika kengashi boshqaruvi raisi.