Ozod Sharofuddinov “So‘nggi jadid” deb e’tirof etgan olim
Vatanimiz tarixidagi 19 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1881 yil (bundan 139 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Kostantin fon Kaufman tomonidan Turkiston o‘lkasiga Turkiya, Eron va Yevropadan keltirilayotgan chorva mollar miqdorini chegaralovchi va ulardan olinadigan boj miqdorini oshiruvchi 22 banddan iborat qaror qabul qilindi. Choy, non, bo‘yoq bundan mustasno edi.
Bu qaror Turkiston o‘lkasida rus chorva mollarining sotilishini osonlashtirish maqsadida chiqarilgan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, o‘sha vaqtda Turkiston o‘lkasiga keltirilgan mollarning 25 foizi Qo‘qonga, 14 foizi Samarqandga, 3 foizi Marg‘ilonga keltirilgan.
1884 yil (bundan 136 yil oldin) – Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida, savdogar Saidazimning o‘g‘li Said G‘ani Azimboyev hovlisida birinchi rus-tuzem maktabi ochildi. Mazkur jarayon Rossiya imperiyasi hukumatining o‘z manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirildi.
Maktab mudiri va rus o‘qituvchisi etib Vladimir Nalivkin, musulmon sinfining o‘qituvchisi etib esa mulla Solixo‘ja Kichkinaxojinov tayinlandi. Tarixchi Najmiddin Qodirovning qayd etishicha, rus ma’muriyati mahalliy o‘qituvchini rus o‘qituvchisi bilan noteng vaziyatga qo‘ygan: rus o‘qituvchisi uchun yillik maosh 1000 rubl, mahalliy o‘qituvchining maoshi esa 400 rubl etib belgilangan.
Mazkur maktablarda rus tili birinchi yildan boshlab o‘rgatila boshlangan. O‘qish to‘rt yillik bo‘lgan. O‘quv yili 130 kundan oshmagan. Qishloq joylarda o‘quvchilar dala ishlari bilan bandligi tufayli o‘quv yili kuzda kechroq boshlanib, bahorda ertaroq tugallangan. Maktabda yoshi 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘qitilgan. O‘quvchilar rus va mahalliy sinflarga ajratilgan.
1942 yil (bundan 78 yil oldin) – adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimov tavallud topdi (vafoti 2004 yil). U qariyb qirq yil davomida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qituvchilikdan prorektorlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Uning ilmiy tadqiqotlari o‘zbek mumtoz adabiyoti va adabiy aloqalar, o‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi masalalariga, matnshunoslikka, jadidchilik hamda jadid adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan. O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafuddinov Begali Qosimovni: “So‘nggi jadid” deb e’tirof etgan edi.
1991 yil (bundan 29 yil oldin) – Peru Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.
2016 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga asosan 8 yanvar O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilandi.
2018 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, nashr etish va yuritishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi