O‘zMTDPning VI Plenumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining VI Plenumi bo‘lib o‘tdi.
Plenumda dastlab partiya hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining 2021 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati natijalari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, ushbu davrida partiyaning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining 52 ta bandi ijrosi ta’minlandi.
O‘tgan vaqt ichida deputatlar tashabbusi bilan “Temir daftar”ga 900 nafar, “Ayollar daftari”ga 1484 nafar, “Yoshlar daftari”ga esa 1683 nafar fuqaro kiritildi. Shu o‘rinda “Temir daftar”dagi 1896 nafar, “Ayollar daftari”dagi 3007 nafar, “Yoshlar daftari”dagi 2764 nafar fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Hududlarda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganish va hal etish yuzasidan 240 ta masala-takliflar mahalliy Kengash sessiyalariga kiritildi. Doimiy komissiyalar yig‘ilishiga esa 567 ta taklif berildi. 842 nafar mansabdor shaxsning eshituvi amalga oshirildi. Tegishli tashkilot va mutasaddilarga 4 ming 137 ta deputatlik so‘rovi yuborildi.
Partiya fraksiyasi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 5 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega 15 ta qonun loyihasi joylarda fuqarolar bilan keng muhokama qilindi. O‘zMTDP fraksiya tashabbusi bilan Transport vaziri, Xalq ta’limi vaziri hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirlarining “Hukumat soati” doirasidagi hisobotlari eshitildi.
Partiya Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasining shu yil 25 iyundagi yig‘ilishida partiyaning amaldagi ramzi (logotip)ni qayta ko‘rib chiqish, uni zamonaviylashtirishga kelishilib, bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingan edi. Shundan so‘ng partiya logotipi loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama uchun e’lon qilindi. Bir hafta davomida yangi logotip haqida jamoatchilik fikri, takliflari jamlandi.

Plenumda bildirilgan fikr-mulohazalar asosida Markaziy kengash a’zolariga ovoz berish uchun eng ko‘p jamoatchilik e’tiboriga loyiq bo‘lgan partiyaning yangi ramzi taqdim qilindi. Partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov yangi ramz haqida fikr bildirar ekan, unda yarim oy, yer kurrasi va afsonaviy semurg‘ qushi aks ettirilgani, bunda yarim oy, yashil rang unumdor zaminimiz bilan birgalikda muqaddas qadriyatlarimizga ishora, moviy rangdagi yer kurrasi esa xalqimizning halol va pok ruhiyati nishonasi ekanini ta’kidladi.
– Semurg‘ qushi Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asaridan olingan afsonaviy qush bo‘lib, u farovonlik va saodat ramzidir. Ushbu ramz asarda keltirilganidek, garchi farovonlik va saodatga fikr va g‘oyalar turlicha bo‘lsa ham yagona maqsad yo‘lida birlasha oladiganlar erishishiga ishoradir. Partiya ramzi barakali O‘zbekiston zaminida ajdodlardan meros qadriyatlarga tayanib, halol va bag‘rikeng xalqimizni yagona maqsad yo‘lida birlashtirish maqsadini ifoda etadi, – dedi partiya yetakchisi.
Plenumda uzoq davom etgan bahs-munozaralardan keyin yangi ramz tasdiqlandi va amaldagi qonunchilikka asosan Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Ma’lumki, mamlakatimizda shu kunlarda muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlik sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuchlardan biri sifatida bo‘lajak saylovga katta tayyorgarlik ko‘ryapti. Barcha chora-tadbirlar 2019 yildagi saylovda orttirilgan tajriba va xulosalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, saylov munosabati bilan tayyorlangan “Media reja”ni amalga oshirish maqsadida bir nechta PR kampaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Plenumda, shuningdek, Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Bahodir Mamatxonovning partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtiroki bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hisoboti eshitildi va bu bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA