“O‘zmilliybank” AJ ko‘magida faoliyatimiz kengaymoqda
bugungi kunda ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, savdo, umumimy ovqatlanish, IT, transport kabi ko‘plab jabhalarda serviz va xizmatlar ko‘rsatish tizimi kengaymoqda. Ushbu tarmoqni rivojlantirish orqali nisbatan kam investitsiya evaziga tadbirkorlikni keng yo‘lga qo‘yish, ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi daromadini oshirish imkoniyatlariga ega bo‘lish mumkin.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan bir qator qaror va hujjatlar hamda 2021-2023 yillarda mamlakatimizda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi natijasida 2021yil xizmat ko‘rsatish hajmi qariyb 20 foizga oshdi. Xizmatlar sohasiga qulay kredit, subsidiya va yangi yengilliklar paketining joriy etilishi, bir qator soliqlarni imtiyozli stavkada qo‘llash, yo‘l, elektr, internet kabi infratuzilmalarning yaratilishi tadbirkorlar uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Xizmatlar va serviz sohasini rivojlantirish borasida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida ham mazkur bank ko‘magida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ko‘p. Xususan, Shayxontohur tumanidagi savdo majmuasi yerto‘lasida tashkil etilgan “Major Premium geyming” klubi kompyuter xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. Mazkur klub o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishida, avvalo, kompyuter va jihozlar sotib olish zarurati mavjud edi. Umumiy qiymati 2 milliard 200 million so‘m deb baholangan ushbu loyiha uchun “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 1 milliard 500 million so‘m bank krediti ajratildi. Loyihaning ishga tushishi natijasida 6 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
– Shaharda uchta filialimiz bor, jami 20 ta ish o‘rni yaratganmiz, — deydi tadbirkor Olim Alimov. – Ushbu eng oxirgi filialimiz 2021 yil noyabr oyida ishga tushdi. Mazkur filialni yo‘lga qo‘yishimizda “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ajratilgan kredit mablag‘i qo‘l keldi. O‘zbekiston kibersportchilar terma jamoasini shakllantirish uchun iqtidorli yoshlarni topish va tanlash maqsadida har 3 oyda musobaqalar uyushtirib turamiz. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish niyatidamiz.
Ta’kidlash joizki, kibersport, ya’ni kompyuter o‘yinlari jahon miqyosida ommalashib borayotgan, yuzinchi sport turi sifatida tan olinib, uni Olimpiya o‘yinlariga kiritish harakatlari boshlangan bir paytda “Major Premium geyming” faoliyati muhim o‘rin tutadi. Zero, mamlakatimizda ham sekin-asta kibersportchilar shakllanib bormoqda. Ular orasida xalqaro turnirlarda ishtirok etib, medallar va pul mablag‘larini qo‘lga kiritayotganlar ham bor. Shunday ekan, “Major Premium geyming” faoliyatini rivojlantirishda bank tomonidan ko‘rsatilgan ko‘mak kibersportchilarni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
M.Komilova,
O‘zA muxbiri
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati hamkorligida tayyorlandi.