“O‘zmilliybank” AJ: Aholi farovonligini yuksaltirish eng muhim vazifa
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholi farovonligini yuksaltirish, ularning bandligini ta’minlash hamda daromadini yaxshilash maqsadida hududlarda “mahallabay” ishlash tizimi joriy etilgan edi.
Unga ko‘ra, endi tuman-shaharlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilib borish vazifasi qo‘yildi. Ushbu tizimning namunali ishlashi uchun Navoiy viloyatida ham aniq chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyati filiali xodimlari ham G‘ozg‘on shahri va Uchquduq tumanidagi mavjud mahallalarga biriktirilib, “mahalla-oila-fuqaro” tamoyili asosida aholi hayotidagi muammolarni tizimli o‘rganish orqali mahallalar imkoniyatlarini inobatga olgan holda aholining daromad topishiga xizmat qiluvchi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, shuningdek, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga kambag‘allikni qisqartirishga e’tibor qaratishmoqda.

bugungi kunda Uchquduq tumanida 13 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, 11701 ta oilada 41929 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 20249 nafari ayollar bo‘lsa, 6836 nafari yoshlardir.
– O‘rganishlar davomida 812 nafar fuqaro “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritildi, – deydi “O‘zmilliybank” Navoiy viloyati filiali korporativ boshqaruvchisi Laziz Xolmedov. – Birgina joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida 130 nafar fuqaroga 3 milliard 465 million so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Tahlillarga ko‘ra ajratilgan kreditlarning 1 milliard 789 million so‘mi “Yoshlar daftari”, 684 million so‘mi “Ayollar daftari” va 37 million so‘mi “Temir daftar”ga kiritilgan 110 nafar fuqaroga ajratilgan.

Xuddi shu jarayon G‘ozg‘on shahrida ham amalga oshirilmoqda. Shahardagi 4 ta mahallada istiqomat qiluvchi aholining 261 nafari mavjud uchta daftarga kiritilgan. Ajratilgan 2 milliard 795 million so‘m kreditning 1 milliard 375 million so‘mi bevosita daftarlarga kiritilgan fuqarolarga yo‘naltirilgan.
bugungi kunda bank nafaqat daftarlarga kiritilgan fuqarolarga, balki uy-joyga muhtoj fuqarolarga ham ipoteka kreditlari ajratmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan davr mobaynida 7 nafar fuqaroga 1 milliard 121 million 400 ming so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratilgan.

Hech kimga sir emaski, keyingi yillarda yurtimizda o‘zgacha dizayn, o‘zgacha ko‘rinishga ega, bir-biridan ko‘rkam va shinam ko‘p qavatli xonadonlar qurib foydalanishga topshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 4 yil ichida davlat dasturlari asosida 140 mingta uy-joy barpo etildi. Bu esa 140 mingta oila o‘z boshpanasiga ega bo‘lganligini bildiradi. Ammo shunga qaramay uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj hamon yuqoriligicha qolmoqda. 2021 yilda yangi tartib doirasida, mamlakatimizda jami 33 ming 114 ta kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar, qishloq joylarda 8 ming 336 ta kvartiradan iborat ko‘p qavatli arzon uy-joylar, fuqarolarning alohida toifalari uchun 3 ming 550 ta kvartiradan iborat ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. Mazkur uylar esa aholiga ipoteka kreditlari asosida beriladi.

Uysizlik, ijarama-ijara, sarson bo‘lib yashash azobini boshidan kechirgan biladi. Uy egasining qosh-qovog‘iga qarab yashash oson emas. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ota-bobolarimiz “O‘z uying – o‘lan to‘shaging”, “Katakdek bo‘lsa ham o‘z uying bo‘lsin” deyishmagan. Nilufar Janqulova ham ana shu azobni boshdan kechirganlardan biri.
– Turmush o‘rtog‘im va 3 nafar farzandim bilan 5 yil ijarama-ijara sarson bo‘lib yashadik, – deydi N.Janqulova. – Prezidentimiz farmoni chiqqandan keyin turmush o‘rtog‘im bilan “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyati filialiga murojaat qildik. Bank xodimlari hujjatlarimizni o‘rganib chiqishgach, kredit ajratishdi. Bugun esa o‘zimizning shinam xonadonimizga egamiz.
Albatta, bugungi kun talabi ham shu. Banklar tomonidan imtiyozli kreditlar berish ko‘lamini yanada kengaytirish orqali aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishdir. “O‘zmilliybank” AJ tomonidan esa bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqdi. Zero, aholi farovonligini yanada yuksaltirish, turli loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bankning eng muhim vazifalaridan biridir.
Abduvali BO‘RIEV, Siroj ASLONOV (surat), O‘zA