“O‘zmetkombinat” Xitoy orqali yangi bozor va logistika yo‘laklarini ochmoqchi
“O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning “Jiangsu SOHO Holdings Group” kompaniyasi rahbari Din Xay bilan uchrashdi.
Unda tomonlar eksport hajmini ko‘paytirish bilan birga, mahsulotlarni yangi bozorlarga yetkazib berishda logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanishicha, “Jiangsu SOHO Holdings Group” bu yo‘nalishda “O‘zmetkombinat” uchun muhim hamkorga aylanishi mumkin. Chunki xolding bugungi kunda dunyoning 160 dan ortiq mamlakat va hududi bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.
Xoldingga qarashli kompaniyalar Szyansu provinsiyasi orqali o‘tuvchi Xitoy-Yevropa va Xitoy-Osiyo yuk poyezdlari harakatini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi. Mavjud tarmoq 26 ta xalqaro temir yo‘l yo‘nalishi orqali Yevrosiyoning 26 mamlakatidagi qariyb 80 ta xalqaro stansiyani bog‘laydi.

Ushbu transport imkoniyatlari “O‘zmetkombinat” mahsulotlarini yangi yo‘nalishlar bo‘yicha eksport qilish, yetkazib berish geografiyasini kengaytirish va logistika marshrutlarini diversifikatsiyalash uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “Jiangsu SOHO Holdings Group” kompaniya tarkibida qariyb 400 ta korxona faoliyat yuritadi. Xoldingning 2025-yildagi import va eksport operatsiyalari hajmi 12,2 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.
Ushbu muzokaralar yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalar yuzasidan keyingi vazifalarni belgilab oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA