“O‘zmetkombinat” AJda quyuv-prokatlash majmuasi qurilmoqda
Sanoatni rivojlantirish har qanday mamlakat iqtisodiyotining taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, metallurgiya sohasi turli tarmoqlarni zarur xomashyo bilan ta’minlab, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bois, O‘zbekistonda metallurgiyaga katta e’tibor qaratilib, yangi loyihalar amalga oshirilmoqda va korxonalar modernizatsiya qilinmoqda. Shunday yirik loyihalardan biri “O‘zmetkombinat” AJda quyuv-prokatlash majmuasidir.
Bu haqda "O‘zmetkombinat" AJ axborot xizmati rahbari Adham Imomnazarov quyidagilarni ma’lum qildi:
–Ayni paytda kombinatimizda quyuv-prokatlash majmuasining qurilishi qizg‘in davom ettirilmoqda. Ushbu majmua yiliga 1 million tonnaga yaqin issiq prokat ishlab chiqarish imkonini yaratadi. Bu esa importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirib, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Majmua Italiyaning "Danieli" kompaniyasi texnologiyalari bilan jihozlanmoqda. Hozirda elektrda po‘lat eritish pechi DSP-120, uzluksiz quyuv mashinasi va prokatlash stani o‘rnatilishi yakunlanmoqda. Shuningdek, tunnel pechi, Germaniyaning "Hercules" silliqlash stanogi va xomashyo tushirish stansiyasi faoliyatga tayyorlanmoqda.

Xitoyning "Avik" kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan yangi kislorod stansiyasi esa uzluksiz texnik kislorod ta’minotini kafolatlaydi.
Loyihaning iqtisodiy ahamiyati shundaki, mazkur majmua tufayli “O‘zmetkombinat”da 1250 ta, bog‘liq tarmoqlarda esa 5000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, metallurgiyaning rivojlanishi qurilish, mashinasozlik va transport sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ekologiya masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. QPMda zamonaviy tozalash tizimlari joriy etilib, chiqindilar hajmini kamaytirish va energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish imkoni yaratilmoqda.
Yangi majmua nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki metallurgiya sohasida yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga ham turtki beradi. Hozirda xalqaro talablarga mos mahsulotlar ishlab chiqarish va ichki bozorni yuqori sifatli po‘lat bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Quyuv-prokatlash majmuasining ishga tushirilishi mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, metallurgiya sanoatining raqobatbardoshligini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA