Oziq-ovqat xavfsizligi – nazoratda
Bozorlarimizda xaridor va sotuvchilar uchun yaratilayotgan qulaylik va shart-sharoitlar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Shunga mos tarzda mahsulotlarni saqlash, sanitar va gigiyenik tozalikni ta’minlash ham doimiy e’tiborda bo‘lishi lozim. Xo‘sh, bugun ushbu talablarga hamma joyda ham rioya qilinyaptimi?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Xorazm viloyat boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi bilan hamkorlikda Yangiariq va Xiva tumanlarida nazorat tadbirlarini o‘tkazdi.
Bozor va shoxobchalarda noma’lum sharoitlarda tayyorlangan, sifati va havfsizligini ta’minlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan mahsulotlarni sotmaslik, veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etgan holda faoliyat yuritish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
– Tadbir davomida ikkita tumandagi dehqon bozorlarida aholi orasida sanitariya- epidemiologik vaziyatni yaxshilash, yuqumli kasalliklarning tarqalishini oldini olish shuningdek, go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining bozor hududlarida xaridorlarga sotilishida veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Maqsud Navro‘zov. – Profilaktik suhbatlar davomida sotuvchilarga aynigan va sifatsiz mahsulotlarni sotmaslik lozimligi tushuntirilib, aks holda qonunlarda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi.
Ta’kidlash lozim, tegishli idoralar tomonidan viloyatga kirib kelayotgan go‘sht mahsulotlari ustidan nazorat tadbirlari kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda.
Jumladan, Urganch tumanida joylashgan “Cholish” blok-postida shu tumanda yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan “Matiz” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, salonda antisanitariya holatidagi, xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 75 kg go‘sht mahsuloti borligi aniqlangan. Uning sifatini aniqlash maqsadida tahlillar o‘tkazildi. Mutaxassislar xulosasiga asosan, ushbu go‘sht mahsuloti iste’molga yaroqsiz deb topilib, belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Joylarda bu kabi nazorat-profilaktika tadbirlari davom etmoqda.
Jarayonda karantin va sanitariya qoidalarini targ‘ib qilish bo‘yicha 139 marotaba ommaviy axborot vositalari orqali chiqish, savdo xodimlari bilan uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilgan.
Biroq olib borilayotgan sanitar-profilaktik tadbirlar va tushuntirish ishlariga qaramasdan joylardagi dehqon bozorlarining sanitariya ahvoli, sotuvchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari bilan turli joy va sharoitlarda savdo qilish, sotuvchi va xaridorlarga shart- sharoitlar yaratib berish o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ta’bni xira qiladi.
Shuningdek, shahar-tumanlarda qassoblar tomonidan uy sharoitida turli xil kasalliklarga chalingan hayvonlarni yashirin ravishda so‘yib, go‘shtini aholi iste’moli uchun sotishga bo‘lgan urinishlarning uchrayotgani achinarli holatdir.
Shu jumladan, Buxoro shahar Qizilqum ko‘chasida yashovchi fuqaro S.B. ismli shaxs yashash manzilida qo‘lbola usulda yasalgan muzlatgich ichida jami 543 kg. hayvonga mansub go‘sht mahsulotini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, uning iste’molga yaroqli ekanligini aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda, laboratoriyaning 2023 yil 24 may kunidagi tegishli xulosasiga ko‘ra, ushbu go‘sht mahsuloti iste’molga yaroqsiz ekanligi aniqlandi va “Slaster Emir parranda”ga qarashli veterinariya- sanitariya chiqindi zavodiga topshirildi.
Shuningdek, joriy yilning 27 may kuni Qorako‘l tumani Darg‘ali mahallasida yashovchi fuqaro T.A. ga tegishli bo‘lgan muzlatgich ichidan jami 153 kg kelib chiqishi noma’lum hayvonga mansub go‘sht laboratoriya xulosasi chiqqunga qadar Qorako‘l tumanidagi “Shofirkon Gavhari” MCHJga tegishli bo‘lgan muzlatgichga joylashtirilib, tekshiruvlar olib borilganda, laboratoriyaning 2023 yil 1 iyun kunidagi xulosasiga ko‘ra, ushbu go‘sht mahsuloti ham iste’molga yaroqsiz ekanligi aniqlangan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yil 22 mayidan 3 iyunga qadar Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon bozorlarining sanitariya holati o‘rganilib, qator kamchiliklar aniqlangan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan shahar-tumanlar hokimlariga taqdimnomalar kiritilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi barcha fuqarolarni hushyorlikka chorlaydi.
Hurmatli xaridorlar, oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini xarid qilayotganda o‘ta ehtiyot bo‘lishni, mahsulotlarning yaroqlilik muddati va boshqa talablarga javob berish -bermasligini sinchkovlik bilan o‘rganib, sotuvchidan mahsulotning sanitariya me’yorlariga rioya qilingan holda tayyorlanganligi va saqlanayotganligini tasdiqlovchi sifat sertifikatni so‘rashni unutmang. Ogoh bo‘ling!
A.Shokirov,
O‘zA