Oziq-ovqat mahsulotlarining sifat koʻrsatkichlari: muammo va yechim
Milliy matbuot markazida “Oʻzstandart” agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani shunday nomlandi.
Milliy matbuot markazida “Oʻzstandart” agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani shunday nomlandi.
Hozirgi pandemiya sharoitida dunyo boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab yana-da ortib bormoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh oʻz maʼruzasida davlatlar aholi, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar, homilador va emizikli ayollar, keksa yoshdagilar va boshqa nochor guruh vakillarini sifatli va toʻyimli oziq-ovqat bilan taʼminlashni kafolatlashi lozimligini aytib oʻtgan.
Masalaning yana bir jihati, oziq-ovqat mahsulotlarining sifatidir. Jahon statistikasiga koʻra, oziq-ovqatdan kelib chiqadigan kasalliklar tufayli yiliga deyarli 600 million kishi kasallanadi va 420 ming nafari erta vafot etadi. Oziq-ovqatdan kelib chiquvchi kasalliklar natijasidagi oʻlimning 30 foizi 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga toʻgʻri kelmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilda 5 milliard soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmolga yaroqsiz, deb topilgan.
Shu sababli isteʼmol qiladigan mahsulotlarimizning xavfsiz va yuqori sifatli ekanligiga ishonch hosil qilish har birimiz uchun muhimdir. Ammo mahsulotning xavfsizligi va sifati nafaqat ishlab chiqarish korxonasidagi yangi asbob-uskuna va zamonaviy texnologiyalarga, balki bu mahsulotning belgilangan talablarga mos kelishini tekshirish, yaʼni mahsulotning sifatini nazorat qilish jarayoniga ham bogʻliq.
Buning uchun mahsulot namunalari maxsus sinov laboratoriyalarida meʼyoriy hujjatlar talablariga mos kelishi aniqlanadi, yaʼni sinovdan oʻtkaziladi. Bu faoliyat Oʻzbekiston Respublikasida “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi qonun bilan tartibga solinadi.
Muvofiqlikni baholash – yetkazib beriladigan mahsulotlar haqiqatdan ham belgilangan talablarga javob berishining namoyishidir. Muvofiqlikni baholash mahsulot, xizmat, jarayon, tizimga nisbatan qoʻllanadi va sinov, tekshirish va sertifikatlashtirish tadbirlarini oʻz ichiga oladi. Taʼkidlanishicha, hozirgi vaqtda eng asosiy vazifalardan biri sohadagi qonunchilikni takomillashtirish. Yaʼni, maʼnan eskirgan, hozirgi zamon talabiga javob bermaydigan “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlash toʻgʻrisida”gi hamda “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi qonunlarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Akkreditlangan muvofiqlikni baholash xizmatlari oziq-ovqat sohasida ham hayotiy ahamiyatga molik. Xavfsiz oziq-ovqatlar esa inson salomatligi va xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro savdoni targʻib qilish masalalarida dolzarb ahamiyatga ega.
Oʻzbekistonda hozirgi kunda milliy akkreditatsiya tizimida 462 sinov laboratoriya, 64 ta mahsulot va xizmatlarni, 18 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organlari, 14 ta inspeksiya organi va 80 dan ortiq metrologiya xizmatlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Mamlakatimizda oʻtkaziladigan sinovlar va rasmiylashtiriladigan muvofiqlik sertifikatlariga ishonchlilikni taʼminlash yuzasidan bir necha yildan beri akkreditatsiya tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish va mavjud jarayonlarni xalqaro talablarga uygʻunlashtirish ishlari olib borilmoqda.
“Oʻzstandart” agentligi tuzilmasida muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi maxsus vakolatli organ – Akkreditatsiya markazi tashkil etilgan boʻlib, hozirgi kunda Markaz Akkreditatsiya boʻyicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (ARAS)ga muxbir aʼzo hisoblanadi.
2020-yilning 17-aprelidan eʼtiboran Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) bilan hamkorlikda Markaz oʻz aʼzolik maqomini yana bir pogʻonaga koʻtarishga erishdi. Milliy akkreditatsiya tizimi ILAC tomonidan tan olingan holda Markazga “ILAC Associate Member” (ILAC tashkilotiga muxbir aʼzo) maqomi berildi. Mazkur aʼzolik maqomi Markazga ILAC faoliyatini tartibga soluvchi 5 ta maxsus ishchi qoʻmitasida toʻla huquqli aʼzo boʻlish va unda koʻriladigan masalalarda ovoz berish vakolatini beradi.
Markaz tomonidan isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan mahsulotlar xavfsizligi va sifatini oshirish hamda mahalliy mahsulotlar eksportini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda Belarus davlat akkreditatsiya markazi, Turkiya akkreditatsiya agentligi, Koreya akkreditatsiya kengashi, Qozogʻiston Respublikasi milliy akkreditatsiya markazi, Birlashgan Arab Amirligi milliy akkreditatsiya tizimi bilan hamkorlik bitimlari imzolandi.
Anjumanda sohadagi muammolar xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, hozirgi kunda muvofiqlik idoralarining sinov bazalarini modernizatsiya qilish zarurati mavjud. Chunki, zamonaviy, jahon standartlariga mos, xalqaro talablarga javob beradigan texnologiyalar va asbob-uskunalarni qoʻllash orqali mahsulotlarimizning sifat koʻrsatkichini aniq baholash va ularni dunyo bozorlariga chiqarish imkoni kengayadi.
Shu bilan birga, ushbu yoʻnalishda asosiy muammolardan biri malakali mutaxassislarning yetishmasligi. Bu borada ham zarur choralarni koʻrish, mutaxassislarning malakasini oshirish talab etiladi.