O‘zining hisobidan maktab qurgan muallim
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Mo‘ynoqda el-yurti, Vatanini cheksiz sevadigan, kasbiga sadoqatli, o‘ta mushkul ekologik hududda yashayotganiga qaramasdan hayot uchun kurashib, o‘zlarining mehnatini sidqidildan amalga oshirib, xalqning mehrini qozonayotgan fidoyi insonlar juda ko‘p. Shulardan biri Zulfiya Turdimuratovadir.

1 oktyabr – «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan Zulfiya Turdimuratovaning qilgan xayriya ishlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, ko‘plab iliq fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Zulfiya Turdimuratova 1968 yilda Mo‘ynoq tumani "Qarajar" qishlog‘ida dunyoga kelgan. "Qarajar" qishlog‘idagi o‘rta maktabda bilim oldi. So‘ng Qoraqalpoq davlat universitetida qoraqalpoq tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olib, uni 1993 yilda muvaffaqiyatli tugatdi.

1998 yilda «Jalg‘iz terek» qishlog‘iga aholining iltimosi bilan ko‘chib boradi va boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars bera boshlaydi. U ko‘chib o‘tgan qishloqda maktab yo‘q edi. 1998 yilda bazo‘r qamishdan o‘z kuchi bilan maktab filiali binosini ko‘taradi. Lekin, qamishdan qurilgan maktab ko‘pga chidamaydi. Maktab binosini yangidan qurish kerak bo‘ladi, ammo Hukumat tomonidan yordam bo‘lmaydi. So‘ng 2011 yilda o‘z hisobidan yangi maktab binosini qurishga kirishadi. Turmush o‘rtog‘i Saxi og‘a bilan maslahatlashib, qo‘rasidagi qo‘y-echkilarini sotib, qurilish materiallariga xarajat qiladi. Qurilish ishiga ko‘p mablag‘ ketadi, qo‘radagi qo‘y-echkilari ham tugaydi. Davlat tomonidan hamon yodam yo‘q. Noiloj qolgan Zulfiya opa nihoyat o‘z nomiga bankdan kredit rasmiylashtirib maktab qurilishini oxiriga yetkazadi.

Zulfiya Turdimuratova ushbu maktab filialida yagona muallimdir. Yaqinda nafaqaga chiqsa ham boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan 12 nafar bolaga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

Zulfiya Turdimuratova shu el farzandlari uchun imkoniyati yetgunicha fidoyiligini namoyish etdi.
Ye.Qanoatov, O‘zA