O‘zgarishlardan ilhom olayotgan ustozlar
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
O‘qituvchilar haqiqiy fidokor, eng kamtarin insonlar ekaniga har gal takror-takror ishonch hosil qilamiz. Yonginamda kamsuqumgina tadbirni kuzatib o‘tirgan inson bilan ikki og‘iz suhbatlashib, bunga yana bir karra ishonch hosil qildim.
Burgut og‘a Piyazov Nukusdagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. U yigirma yildan ortiq musiqa ta’limi sohasida ish tajribasiga ega. Suhbatdoshimdan so‘nggi to‘rt-besh yillar davomida mamlakatimizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar ko‘proq nimalarda namoyon bo‘lishini so‘radik.
–- O‘zgarishlar barcha sohalarda ko‘zga yaqqol tashlanmoqda, – dedi Nukus shahridagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Burgut Piyazov. – Bolalarning ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqi ortdi. Bu, ayniqsa, o‘g‘il-qizlarning san’atga mehrida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Maqom, baxshichilik san’ati rivojlanmoqda. Yoshlarning kitobga bo‘lgan mehri ortdi. O‘quvchilarimdan Muhammad To‘rabekov, Sheroz Tursunboyev kabilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar uchun ta’sis etilgan "Nihol" mukofotiga loyiq topildi. Shaxsan o‘zim ta’lim bergan ko‘plab o‘quvchilar O‘zbekiston davlat konservatoriyasining, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filiallari talabasi bo‘lishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida o‘g‘lim Jenisbek Piyazovga "O‘zbekiston xalq artisti" unvonini faxr bilan topshirdi. Nukus shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali g‘oyat katta ko‘tarinkilik bilan nishonlandi. Unda yana bir farzandim Jonibek Piyazov Gran-prini qo‘lga kiritdi.
Eng asosiysi, mamlakatimizda kechayotgan buyuk o‘zgarishlar odamlarning ongu tafakkurida yaqqol ro‘y bermoqda. Bularning bari yanada katta kuch, ilhom, izlanish, shukronalik bilan mehnat qilishga chorlaydi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA