O‘zbeklar va estonlarni nima bog‘lab turadi? (+video)
"Xalq diplomatiyasi"
O‘zbekiston va Estoniya xalqlarini qanday tarixiy rishtalar bog‘lab turadi? Nega bir-biridan uzoqda yashaydigan bu ikki millat o‘rtasida o‘zaro hurmat va yaqinlik tuyg‘usi shakllangan?
Shu kabi savollarga tarixchi olim Ravshan Homitov bilan suhbat jarayonida javob oldik. Uning ta’kidlashicha, estonlar bilimli, tartibli, mehnatsevar va kamgap xalq sifatida tanilgan bo‘lsa, o‘zbeklar mehmondo‘stligi, bag‘rikengligi va ochiqko‘ngilligi bilan ajralib turadi. Ana shu fazilatlar ikki xalqni asrlar davomida bir-biriga yaqinlashtirib kelgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, o‘zbeklar va Boltiqbo‘yi xalqlari o‘rtasidagi aloqalar o‘rta asrlardayoq shakllangan. Savdo yo‘llari orqali yo‘lga qo‘yilgan munosabatlar keyinchalik madaniy almashinuvlarga ham zamin yaratgan. Arxeologik topilmalar, jumladan, Markaziy Osiyodan Boltiqbo‘yi hududlariga oid ashyolarning, Estoniya va qo‘shni hududlardan esa Xorazmshohlar davri tangalarining topilishi bu aloqalarning qadimiy ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi.
Suhbat davomida ikki xalq taqdiridagi muhim burilish nuqtalari ham tilga olindi. Xususan, XVIII–XIX asrlarda Rossiya imperiyasining ham Estoniya, ham Markaziy Osiyo hududlariga kirib kelishi ikki xalqning o‘zaro muloqot qilish imkoniyatlarini kengaytirgan. Keyinchalik sovet davrida estonlarning bir qismi O‘zbekistonga ko‘chib kelib, mahalliy aholi bilan yaqin munosabatlar o‘rnatgan.
Tarixiy jarayonlar shuni ko‘rsatadiki, minglab chaqirim bilan ajralib turgan xalqlarni nafaqat savdo yoki siyosiy voqealar, balki o‘zaro hurmat, madaniy muloqot va inson qadriyatlari ham birlashtirib kelgan. Suhbatimiz davomida aynan shu tarixiy bog‘liqliklar haqida batafsil fikr yuritildi.
Suhbatning to‘lig‘ini O‘zAning You Tube kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WS4gZd-Rxs4" title="O‘zbeklar va estonlarni nima bog‘lab turadi? "Xalq diplomatiyasi"" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov,
A.Ahmedov (video), O‘zA