O‘zbekistonning Serbiya bilan munosabati mustahkamlangani Yevropa bilan hamkorlik nuqtai nazaridan ham ahamiyatli
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarga yangi mazmun baxsh etdi.
Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Marufova shu haqda munosabat bildirdi:
– O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari yanada kuchaydi. Strategik sheriklik – bu shunchaki diplomatik ibora emas, balki ikki davlat bir-birini ishonchli hamkor sifatida ko‘rayotgani, uzoq muddatli maqsadlar asosida harakat qilishga tayyor ekanini anglatadi.
Bugun biz O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ochiqlik va faollikning amaliy natijalarini ko‘ryapmiz. Mamlakatimiz dunyoning turli mintaqalaridagi davlatlar bilan o‘zaro hurmat va manfaat asosida munosabatlarni mustahkamlamoqda. Eng muhimi, bu munosabatlar faqat uchrashuvlar va muzokaralar darajasida qolib ketmayapti, balki konkret kelishuvlar va qo‘shma loyihalar bilan boyib bormoqda.
Har qanday xalqaro kelishuvning eng katta qiymati uning oddiy insonlar hayotiga qanday ta’sir qilishi bilan belgilanadi. Yangi korxonalar tashkil etilsa, investitsiyalar kirsa, yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lsa, tadbirkorlarimiz uchun yangi bozorlar ochilsa – ana shunda hamkorlikning haqiqiy samarasini his qilamiz.
2026 - 2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasining qabul qilingani ham juda muhim, deb hisoblayman. Bu hujjat munosabatlarni aniq maqsad va vazifalar asosida rivojlantirish uchun o‘ziga xos yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi. Endi biz uchun eng muhimi – belgilangan vazifalarni qog‘ozda qoldirmasdan, ularni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish.
Yana bir jihat borki, Belgraddagi ko‘chalardan biriga “Toshkent” nomi berilishi juda chiroyli va mazmunli qadam. Ba’zan xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni katta siyosiy hujjatlardan ko‘ra shunday samimiy ramzlar yaqqolroq ifodalaydi. Toshkent nomining Serbiya poytaxtida paydo bo‘lishi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikka bo‘lgan hurmatning yorqin belgisi, deb o‘ylayman.
Prezidentimizga Serbiya Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri topshirilgani ham e’tiborga molik voqea, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu mukofotni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga, shuningdek, O‘zbekistonning tinchliksevar, ochiq va konstruktiv tashqi siyosatiga bildirilgan yuksak ehtiromdir.
Bugungi murakkab xalqaro vaziyatda mamlakatimiz tashqi siyosatda o‘z milliy manfaatlariga tayangan holda barcha davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirayotgani juda muhim. Bu yondashuv O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini mustahkamlash bilan birga, mamlakatimiz uchun yangi iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarni ham ochib bermoqda.
Serbiya bilan munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi Yevropa bilan hamkorlik nuqtai nazaridan ham ahamiyatli. Menimcha, bu ikki davlatning bir-biriga bo‘lgan ishonchi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
Umuman olganda, men bu tashrifni ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochgan muhim qadam, deb hisoblayman. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning dunyodagi ishonchli hamkori sifatidagi mavqei tobora mustahkamlanmoqda.
Ishonamanki, erishilgan kelishuvlar ertaga yangi korxonalar, yangi investitsiyalar, yangi ish o‘rinlari va, eng muhimi, xalqlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ko‘rinishida o‘z samarasini beradi. Menimcha, strategik sheriklikning eng katta ahamiyati ham shunda.
N.Abduraimova, O‘zA