O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan hamkorligi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorligi sezilarli darajada kengayib, mustahkamlandi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa mamlakatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishiga xizmat qildi.
2017-2025-yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 3,1 barobar oshib, 8,3 mlrd. AQSH dollariga yetdi. Eksport 2,1 barobar o‘sib, 3,1 mlrd. dollar, import esa 4,2 barobar oshib, 5,1 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 7 barobardan ortiq oshib, 2,3 mingtadan ziyodni tashkil qildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlaridan O‘zbekistonga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning yillik hajmi 600 barobardan ortiq o‘sib, 2025-yilda 1,3 mlrd. AQSH dollariga yetdi.
Solishtirish uchun, 2017-yilda bu ko‘rsatkich atigi 2,1 mln. dollarni tashkil etgan. 2025-yilda o‘zaro savdo tarkibida eng yirik hamkor sifatida Qozog‘iston saqlanib qoldi. U bilan tovar ayirboshlash hajmi 5 mlrd. AQSH dollarini yoki O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan jami savdosining 60,2 foizini tashkil etdi.
Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash 1,2 mlrd. dollarga (14,5 foiz), Qirg‘iziston bilan ham 1,2 mlrd dollarga (14,5 foiz) yetdi. Tojikiston bilan savdo hajmi 912,3 mln. dollar, ya’ni 11 foizni tashkil qildi.
2025-yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti 3,2 mlrd. AQSH dollariga yetdi. Mintaqa mamlakatlarining O‘zbekiston umumiy eksportidagi ulushi 9,8 foizni tashkil qildi. Markaziy Osiyo davlatlaridan import hajmi 5,1 mlrd. AQSH dollari bo‘lib, ularning mamlakat umumiy importidagi ulushi 11,1 foizga yetdi.
O‘zaro savdoni kengaytirish salohiyati Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo 1996-1997-yillarda imzolangan ikki tomonlama erkin savdo to‘g‘risidagi bitimlar asosida erkin savdo rejimida amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan mahsulotlarni mintaqa mamlakatlarining o‘zaro eksport yetkazib berishlari bilan almashtirish hisobiga ichki savdo hajmini 11,4 mlrd. AQSH dollariga, ya’ni 2 barobardan ortiq oshirish imkoniyati mavjud.
Ko‘rinib turibdiki, mintaqa ichidagi o‘zaro savdoni kengaytirish salohiyati juda yuqori. Uni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun o‘zaro savdoda mavjud tarif (istisnolar) va notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish zarur. Shuningdek, mintaqa mamlakatlari eksportyorlari va importyorlarini Markaziy Osiyo umumiy bozorida tovarlarga bo‘lgan talab va taklif to‘g‘risidagi dolzarb axborot bilan muntazam ta’minlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, investitsiyaviy hamkorlik ham rivojlanmoqda. 2017-2025-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 2,5 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Faqat 2025-yilning o‘zida mintaqadan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar hajmi 1,3 mlrd. AQSH dollariga yetdi.
2026-yil iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari kapitali ishtirokida 2 384 ta korxona faoliyat yuritgan. Ularning eng ko‘pi Qozog‘iston kapitali ishtirokida tashkil etilgan bo‘lib, 1 283 tani tashkil etgan.
Shuningdek, Tojikiston kapitali ishtirokida 442 ta, Qirg‘iziston kapitali ishtirokida 362 ta, Turkmaniston kapitali ishtirokida esa 297 ta korxona faoliyat ko‘rsatgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashib, davlatlararo munosabatlarning eng yuqori bosqichi – strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarildi. Ikki mamlakat Prezidentlari raisligida Oliy davlatlararo kengash tashkil etildi. U O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni ilgari surishning samarali mexanizmiga aylandi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro savdo erkin savdo rejimi asosida amalga oshirilmoqda.
2017-2025-yillarda O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan tovar ayirboshlash hajmi 9,5 barobar oshib, 32,5 mln. AQSH dollaridan 307,3 mln. dollarga yetdi. Eksport 8,2 barobar oshib, 27,6 mln. dollardan 227,3 mln. dollarga, import esa 16,3 barobar o‘sib, 4,9 mln. dollardan 80 mln. dollarga yetdi.
2025-yilda O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan tashqi savdosi tarkibi quyidagicha shakllandi:
Eksport – jami 227,3 mln AQSH dollari, jumladan:
sanoat mahsulotlari – 63,4 mln. dollar (28 foiz);
mashina va transport uskunalari – 49,3 mln. dollar (22 foiz);
oziq-ovqat mahsulotlari – 36,3 mln. dollar (16 foiz);
ichimliklar va tamaki mahsulotlari – 34,3 mln. dollar (15 foiz);
tayyor mahsulotlar – 11 mln. dollar (5 foiz);
kimyo mahsulotlari – 5,1 mln. dollar (2,2 foiz);
xizmatlar – 22,5 mln. dollar (10 foiz).
Import – jami 80 mln. AQSH dollari, jumladan:
oziq-ovqat mahsulotlari – 43,2 mln. dollar (54 foiz);
sanoat mahsulotlari – 17,4 mln. dollar (22 foiz);
mashina va transport uskunalari – 5,8 mln. dollar (7,3 foiz);
kimyo mahsulotlari – 5,4 mln. dollar (6,8 foiz);
nooziq-ovqat xom ashyosi – 1,3 mln. dollar (1,6 foiz);
mineral yoqilg‘i va moylash materiallari – 1,2 mln. dollar (1,5 foiz);
xizmatlar – 4,3 mln. dollar (5,4 foiz).
Investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2023-yilda ustav kapitali 500 mln. AQSH dollari bo‘lgan Ozarbayjon – O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi tashkil etildi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 460 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich 2017-yildagi 71 taga nisbatan 6,5 barobarga oshgan.
2025-yilda Ozarbayjondan O‘zbekistonga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 173,7 mln. AQSH dollarini tashkil etdi (2017-yilda – 0,1 mln. dollar). O‘zbekiston iqtisodiyotiga Ozarbayjondan jalb qilingan jami investitsiyalar hajmi 318,6 mln. AQSH dollariga yetdi. Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar asosan qurilish, qayta ishlash sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston kapitali ham Ozarbayjon bozoridagi ishtirokini kengaytirmoqda. Xususan, avtomobillar va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etilgan. Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri transport sohasidir. O‘zbekiston Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (O‘rta yo‘lak) orqali tovarlarni Yevropa bozorlariga yetkazib berishda Ozarbayjonning transport-logistika salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.
Mohigul Qosimova, O‘zA