O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi islohoti xalqaro darajada baholanmoqda
O‘zbekistonda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Aksilkorrupsiya tarmog‘i doirasidagi Istanbul harakatlar rejasining 5-davra monitoringi ikkinchi bosqichi boshlandi. Ushbu jarayon mamlakatda korrupsiyaga qarshi siyosatning samaradorligini baholash hamda xalqaro standartga muvofiqligini aniqlashda muhim bosqich hisoblanadi.
Monitoring boshlanishi munosabati bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov IHTT Kotibiyati monitoring guruhi rahbari Ivan Presnyakov bilan uchrashdi. Suhbatda jarayonni samarali tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Monitoringni IHTT, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Ukraina, Latviya va Litva ekspertlari olib boryapti.

Bu galgi baholashda korrupsiyaga qarshi siyosat, manfaatlar to‘qnashuvi va mol-mulkni deklaratsiya qilish, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish, biznes va davlat xaridida halollik, sud va prokuratura mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi ixtisoslashgan institutlar hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kabi to‘qqizta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025-yil amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinyapti.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida keyingi yillarda amalga oshirilgan qonunchilik va institutsional islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonunchilik o‘zgarishlari milliy tizimni yanada mustahkamlagani ta’kidlandi. Shuningdek, milliy qonunchilikda ilk bor “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasi huquqiy jihatdan mustahkamlanib, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning Elektron reyestri joriy etildi.

Monitoring doirasida komplayens-nazorat tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar ham xalqaro ekspertlar e’tiborida bo‘ladi. Yangi qonunchilikka muvofiq, komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalarining huquqiy maqomi mustahkamlandi. Barcha davlat idoralari va tashkilotlarda shunday bo‘limlar tashkil etish belgilanib, ushbu tuzilmalar mustaqil faoliyat yuritishi uchun qo‘shimcha kafolat yaratildi.


Eslatib o‘tamiz, Istanbul harakatlar rejasining 2024-yil o‘tkazilgan birinchi bosqich monitoringi yakuniga ko‘ra, mamlakatimiz aksil korrupsiya siyosati Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori baho olgan edi. Bu galgi monitoring natijasi asosida xalqaro ekspertlar O‘zbekiston uchun yangi tavsiyalar, texnik ko‘mak bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kutilyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA