O‘zbekistonlik yoshlar BMTning xorijdagi vakolatxonalarida amaliyot o‘taydi
Yoshlar ishlari agentligi va BMT Volontyorlar dasturi o‘rtasida o‘zbekistonlik yoshlarning BMT xorijiy ofislarida amaliyot o‘tashi bo‘yicha muxim kelishuvga erishildi.
Mazkur kelishuvga muvofiq, har yili o‘zbekistonlik yoshlarning BMTning xorijiy mamlakatlardagi ofislarida amaliyot o‘tashini tashkil etish yuzasidan muzokaralar yakunlanib, hamkorlik amaliy bosqichga o‘tdi.

Xususan, o‘zbekistonlik yoshlarni BMTning xorijdagi vakolatxonalariga yuborish bo‘yicha amaliy dastur boshlandi.
Endilikda yoshlarimiz 1 yil davomida Qatar, Singapur va Turkiyadagi BMT ofislarida faoliyat yuritib, xalqaro muhitda tajriba orttirish, professional ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda dunyoning yetakchi ekspertlari bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Dastur sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalar, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda xalqaro hamkorlik va loyiha boshqaruvi kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Loyiha yoshlarimizga xalqaro bilim va tajriba orttirish hamda BMT tizimida faol ishtirok etish imkonini beradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA