O‘zbekistonlik sportchilarning VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlaridagi medallari soni 13 taga yetdi
Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida davom etayotgan VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ortda qolgan uchinchi kungi musobaqalarida O‘zbekiston sportchilari 8 ta medalga ega chiqdi.
Kechagi kungi o‘yinlarda 90 dan ortiq mamlakatning mahoratli etnosportchilari ko‘k bo‘ri, ot ustida kurash, ko‘kpar, sambo, qirg‘iz kurashi, kamondan otish, ot ustida kamondan otish, armrestling, arqon tortish va bahodirlar o‘yinlari yo‘nalishlaridagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishdi.
Kun davomida kechgan murosasiz bahslarda O‘zbekiston sportchilari yuqori mahorat ko‘rsatib, 4 ta kumush va 4 ta bronza, jami 8 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Xususan, qirg‘iz kurashi bellashuvlarida belbog‘li kurash bo‘yicha milliy terma jamoamiz a’zolari Jamoliddin Ne’matullayev (60 kg) va Husanboy Abdulhakimov (84 kg) kumush, Sarvar Ikromov (+100 kg) esa bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, ot ustida kurash musobaqasida o‘z iqtidorini namoyish etgan hamyurtlarimiz Saidafzalxon Ne’matullayev va Azizbek Zokirjonov bronza, armrestlingda Firdavs G‘ofurov kumush va bronza, sambochimiz Zufarbek Uralov +98 kg. vaznda kumush medalga egalik qildi.

VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining to‘rtinchi kuni ostonasida O‘zbekiston sport delegatsiyasining umumiy medallari soni 13 taga yetdi. Shundan 1 ta oltin, 4 ta kumush va 8 ta bronza medali.

4-sentabr kungi musobaqalarda VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari ishtirokchilari 21 ta yo‘nalishdagi bahslarda o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA