O‘zbekistonlik mutaxassis xalqaro tajriba oshirmoqda
Tailand poytaxti Bangkok shahrida Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi tashabbusi bilan yengil atletika musobaqalarida fotomarra xizmatida faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Mazkur dasturda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi vakili, fotomarra bo‘yicha mutaxassis Akmaljon Baratov ishtirok etmoqda.

Kurs davomida musobaqa natijalarini yuqori aniqlikda qayd etish, zamonaviy texnik vositalar va dasturiy ta’minot bilan ishlash, shuningdek, xalqaro standartlar asosida hakamlik faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Ishtirokchilar sport inshootlarida tashkil etilgan amaliy darslarda qatnashib, fotomarra tizimlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganmoqda.

Mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan mazkur seminar mamlakatimizda yengil atletika musobaqalarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, hakamlik sifatini yanada takomillashtirish hamda sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA