O‘zbekistonlik jurnalistlar Pokistondagi hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi (+video)
O‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar 15–22-sentabr kunlari Pokiston Islom Respublikasida bo‘ldi.
Tashkil etilgan media-tashrifda O‘zA va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari, raqamli kontent yaratuvchilar hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi media hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat hayoti, tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, turli sohalardagi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Media delegatsiya mamlakatning davlat va xususiy sektor tashkilotlari, tarixiy-madaniy maskanlari hamda ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan tanishdi.
Tashrifning ilk kunlarida o‘zbekistonlik jurnalistlar Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligining Tashqi targ‘ibot qanoti vakillari bilan uchrashdi. Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish, televideniye, ommaviy kommunikatsiyalar va media sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlikning Tashqi targ‘ibot qanoti yo‘nalishlari bo‘yicha direktori Asif ar-Rahmon Xon Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va merosiga bag‘ishlangan qo‘shma film yaratish masalasiga ham to‘xtaldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki mamlakat kinematograflari hamkorligida Bobur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan qisqa film, shuningdek, tarixiy drama yaratish masalalari muhokama qilinmoqda. Bu borada O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi hamda Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligi mutasaddilari o‘rtasida muloqotlar olib borilmoqda.
Asif ar-Rahmon Xonning ta’kidlashicha, loyiha hozircha tayyorgarlik bosqichida.
Media-tashrif doirasida jurnalistlar Islomobod shahridagi Pokiston monumenti va Milliy etnografiya muzeyida ham bo‘ldi. Muzey ekspozitsiyalarida Pokiston hududidagi qadimiy sivilizatsiyalardan tortib, mamlakatning 1947-yilda mustaqillikka erishish davrigacha bo‘lgan tarixiga oid materiallar namoyish etilgan. Shuningdek, mamlakat xalqlarining madaniyati, urf-odatlari va turmush tarzini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar o‘rin olgan.
Ular orasida Markaziy Osiyo xalqlariga bag‘ishlangan bo‘lim ham mavjud. Unda O‘zbekistonga oid milliy liboslar, so‘zana, kulolchilik namunalari va milliy cholg‘u asboblari namoyish etilgan. Ekspozitsiyada Bobur mirzo, tarixiy savdo yo‘llari, mutafakkirlar va mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarga oid materiallar ham o‘rin olgan. Mazkur namunalar Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar haqida tasavvur beradi.
Tashrifning keyingi manzillaridan biri Taxila muzeyi bo‘ldi. U Pokistonning Panjob viloyati, Ravalpindi tumani hududida joylashgan. Muzeyda Gandxara sivilizatsiyasiga oid arxeologik kolleksiyalar saqlanadi. Taxila arxeologik majmuasi YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga 1980-yilda kiritilgan.
Jurnalistlar Pokistondagi zamonaviy tibbiyot tizimi bilan ham tanishdi. Jumladan, Islomoboddagi Yadro tibbiyoti va onkologiya instituti – NORIga tashrif buyurildi.
NORI 1983-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Islomoboddagi ixtisoslashtirilgan onkologiya muassasasi sanaladi. Markazda diagnostika va davolash xizmatlari ko‘rsatiladi. Muassasada zamonaviy nur terapiyasi texnologiyalari, jumladan, CyberKnife robotlashtirilgan radiojarrohlik tizimi qo‘llaniladi. Mazkur texnologiya o‘smalarni yuqori aniqlikda, jarrohlik aralashuvisiz davolash imkonini beradi.
Mamlakatimiz jurnalistlari O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Favqulodda va muxtor elchi Alisher To‘xtayev bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan, ta’lim, tibbiyot va tadbirkorlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif doirasida jurnalistlar Lahor shahridagi tarixiy maskanlar, jumladan, Badshohiy masjidi bilan ham tanishdi. Pokiston – Hindiston chegarasida joylashgan Vagah chegara hududida an’anaviy marosimni kuzatish ham media-tashrifning e’tiborli voqealaridan biri bo‘ldi. Unda Hindiston va Pokiston harbiylari ishtirokida tantanali yurishlar o‘tkazilib, ikki davlat bayroqlari tushiriladi. Marosim 1959-yilda yo‘lga qo‘yilgan.
Lahorda diniy bag‘rikenglik va tinchlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi National Paigham-e-Aman Committee vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini yaqinlashtirish, tinchlik va diniy bag‘rikenglik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Suhbatlar davomida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar – Imom al-Buxoriy, Hakim at-Termiziy va Bahouddin Naqshbandning ilmiy-ma’naviy merosi, ularning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni haqida ham so‘z yuritildi.
Media-tashrif davomida o‘zbekistonlik jurnalistlar Pokistonning qator xususiy telekanallari, jumladan, “Samaa” va “Hum News” faoliyati bilan ham tanishdi. Uchrashuvlarda zamonaviy media texnologiyalari, raqamli kontent yaratish va ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasida tajriba almashish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shu tariqa, Pokistondagi media-tashrif jurnalistlarga mamlakatning tarixiy va madaniy merosi, axborot, tibbiyot va turizm sohalaridagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish, ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim muloqotlar o‘tkazish imkonini berdi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video),
O‘zA uchun maxsus