O‘zbekistonlik ishbilarmon ayollar O‘monga boradi
ONA axborot agentligi O‘zbekistondan bir guruh ishbilarmon ayollar hamkasblari bilan munosabatni yaxshilash uchun O‘mon Sultonligiga tashrif buyurishi haqida xabar berdi.
Mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi rahbari o‘rinbosari Nodira Shotursunova boshchiligidagi delegatsiyamiz tarkibidan ko‘chmas mulk, dizayn, elektrotexnika, to‘qimachilik, xususiy ta’lim, tibbiyot, eksport-import sohalarida faoliyat yuritayotgan yigirma nafarga yaqin xotin-qiz ishbilarmon, rasmiy va xususiy sektor vakillari o‘rin olgan.

Respublikamizning O‘mondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Hotamov ushbu missiya turli sohalar, xususan iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, tashrif rejasi allaqachon shay qilinganini qayd etdi.
Elchi bayonot berishicha, dasturga to‘qimachilik sanoati vakillari va dizaynerlar tomonidan tashkil etiladigan moda ko‘rgazmasi, Masqat shahrida o‘zbek kashtachilik hunarmandlari tomonidan amalga oshiriladigan mahorat darslari ham kiritilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston va O‘mon ishbilarmon ayollari ishtirokidagi biznes-forumda iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalasi muhokama qilinadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA