O‘zbekistonlik hamshiralar Germaniyada ish boshlaydi (+video)
O‘zbekiston va Germaniya davlatlari iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda o‘tgan O‘zbekiston – Germaniya oliy darajadagi muzokaralari natijasida “Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida” hukumatlararo bitim imzolandi.
Mazkur bitimga muvofiq, tomonlar migratsiya va mobillik sohasida sheriklikni mustahkamlash borasida tizimli ishlar olib bormoqda.
Yaqinda Germaniyaning Mangeym universiteti klinikasi bosh direktori Freddi Bergmann boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent va Samarqand shaharlariga qilgan amaliy safari ushbu sohada hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tomonlar o‘rtasidagi migratsiya dasturiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar oyidan bir guruh o‘zbekistonlik tibbiyot hamshiralari Mangeym universiteti klinikasida mehnat faoliyatini boshlaydi.
Delegatsiyaning amaliy safari davomida Toshkent va Samarqandda uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, “Aconnecta” loyihasi ishtirokchilari bilan suhbatlar tashkil etildi.
Freddi Bergmann – Mangeym universiteti klinikasi bosh direktori:
– Mangeym universiteti klinikasi yuqori darajadagi tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yirik muassasa bo‘lib, 1350 o‘ringa ega. Unda 25 dan ortiq tibbiy yo‘nalishlar, klinikalar va beshta ilmiy institut faoliyat yuritadi. Bunday keng ko‘lamli muassasa universitet darajasidagi sifatli tibbiy xizmatni ta’minlashga qodir.
Bugungi kunda klinikada 1700-1800 nafar hamshira ishlaydi. Shu bilan birga, kelgusida ham hamshiralarga bo‘lgan ehtiyoj katta. Bu mehnat migratsiyasi bo‘yicha Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Biz bu dasturni ikki-uch yil avval doktor Aleksey Sverdlov bilan ishlab chiqqan edik.
Mangeym universiteti klinikasi esa O‘zbekiston bilan hamkorlik borasida 6 yillik tajribaga ega. Ilk hamkorligimiz nurli terapiya sohasida boshlangan. O‘zbekiston uchun tibbiy fiziklar tayyorlaganmiz va shu orqali aloqalarimiz yildan-yilga rivojlanib bormoqda.
Hozirda klinikamiz hamshiralarni jalb etish dasturiga qo‘shildi. Biz 2025 yil yanvar-fevral oylarida ilk hamshiralarni qabul qilishni kutmoqdamiz. Ular ish muhitiga moslashishi va o‘zlarini erkin his qilishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
Moslashish jarayoni har doim kichik guruhlarda tashkil etiladi. Chunki mahalliy hamkasblar jamoasiga va jamiyatga integratsiya sekin va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi lozim. Bu ikki tomon ham o‘zaro hamkorlikdan bir necha yil davomida qoniqish his qilishi uchun muhimdir. Shu sababli, biz har bir hamshiraga individual yordam ko‘rsatamiz va ularning eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lishlarini ta’minlaymiz.
Kelgan hamshiralarning malakasini baholash orqali ularning faoliyat uchun zarur ko‘nikmalari aniqlanadi. Odatda, oltidan to‘qqiz oygacha bo‘lgan tayyorgarlikdan so‘ng, ular to‘liq huquqli hamshira sifatida ish boshlashga tayyor bo‘ladi. Nemis qonunchiligiga muvofiq, barcha xodimlar teng huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi hamda bir xil ish haqi oladi.
Yanvar oyida o‘zbekistonlik o‘n nafar hamshira Mangeym universiteti klinikasida ish boshlaydi. Keyingi guruh mart yoki aprel oylarida kelishi mumkin. Biz o‘zimiz 50-60 nafar hamshirani qabul qilishga tayyormiz. Agar sakkizta hamkor klinika ham shu miqdordagi xodimni qabul qilsa, Mangeym va uning atrofidagi tibbiy muassasalarda jami 400 nafar hamshirani ish bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Bu dastur Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichiga aylanib, har ikki davlat uchun manfaatli ekanligini ko‘rsatmoqda.
Aleksey Sverdlov – Germaniyaning “Aconnecta GmbH” kompaniyasi direktori:
– Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi migratsiya kelishuvi doirasida bir necha yuz ming o‘zbek fuqarosi Germaniyada rasmiy va yuqori maoshli ish o‘rinlarida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Bu jarayonda tibbiyot hamshirasi sohasi asosiy yo‘nalishlardan biridir.
Germaniyada yaxshi ta’lim olgan va nemis tilini mukammal darajada bilgan hamshiralarga talab juda katta. Mehnat kelishuvi bu ehtiyojni qondirish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, birinchi o‘zbek migrantlarining Germaniyaga yo‘l olishiga zamin hozirlaydi.
Kelishuv faqatgina bir kasb bilan chegaralanmaydi. U turli sohalarda ishlash istagida bo‘lgan barcha kasb egalari uchun eshiklarni ochadi. Shunga qaramay, Germaniyada hamshiralarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, bu soha kasbiy tanqislik mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar qatoriga kiradi.
So‘nggi uch yil ichida hamshiralar mavzusi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. O‘tgan vaqt mobaynida o‘zbek fuqarolari uchun nemis tilini o‘rganish va kasbga oid maxsus ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan dastur yo‘lga qo‘yildi. Bu dastur ularning Germaniyada ishlashga tayyorgarligini oshirib, tibbiyot hamshirasi sohasida uzoq muddatli faoliyat yuritishlarini ta’minlaydi.
Germaniya qonunchiligi mehnat migrantlariga milliy ishchilar bilan teng huquq va sharoitlarni kafolatlaydi. Ularning mehnat huquqlari himoya qilinadi, shuningdek, bir xil ish haqi to‘lanadi.
Migratsiya kelishuvi doirasida Germaniyaga ishga borib, faoliyat yuritadigan o‘zbek fuqarolarining soni bir necha yuz mingga yetishi kutiladi. Biroq dastlabki bosqichda hujjatlarni tarjima qilish va diplomlarni tasdiqlash kabi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish zarur.
Shunga qaramay, biz qator ijobiy natijalarga erishdik. Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanishi uchun ikki davlat hukumatlaridan katta qo‘llab-quvvatlov oldik.
2025 yilgacha maqsadimiz ushbu dasturni O‘zbekistonning barcha hududlariga kengaytirish hamda o‘zbek fuqarolariga tibbiyot hamshirasi sohasida rasmiy va tartibli mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
Shu bilan birga, Germaniyada ish beruvchilar va klinikalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga intilyapmiz. Tajriba almashish orqali migratsiya dasturini yanada samarali va keng qamrovli qilishni maqsad qilganmiz. Ushbu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishiga ishonamiz.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/SNBm_x2GetM?si=lnu0l8PoMfUK-Tat" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov,
Anvar Ahmedov (video-montaj), O‘zA