O‘zbekistonlik futzalchi Indoneziya chempioni nomiga musharraf bo‘ldi
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Elbek To‘lqinov o‘z sovrinlari qatoriga Indoneziya chempionati oltin medalini qo‘shib qo‘ydi.
2025/2026-yilgi mavsumning 8-turigacha Buxoroning “Oil Star” jamoasi sharafini himoya qilgan Elbek mart oyidan Indoneziyaning “Bintang Timur” jamoasi safiga o‘tgandi.
Indoneziyaning yetakchi klublaridan biri sanalgan “Bintang Timur” mamlakat chempionatini 3-o‘rinda yakunlab, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yarim finalda “Bintang Timur” jamoasi “Black Steel Papua” futzalchilari bilan ro‘baro‘ keldi. Shiddatli kechgan o‘yinda finalchi nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda “Bintang Timur” 5:4 hisobida g‘alaba qozondi.
Ikkinchi yarim finalda esa Elbekning ukasi Ashir To‘lqinov faoliyat yuritayotgan “Fafage Banua” jamoasi “Cosmo JNE”ga ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, 2:3 va 1:2 hisoblarida mag‘lub bo‘ldi.

Shu tariqa chempionlik “Bintang Timur” va “Cosmo JNE” jamoalari to‘qnashuvida hal bo‘ldi. Final o‘yinining har ikki uchrashuvida ham tartibli va ishonchli harakatlangan “Bintang Timur” futzalchilari Indoneziya chempioni nomiga musharraf bo‘ldi.
O‘zbekiston chempionatining 2025/2026-yilgi mavsumida 31 gol evaziga eng yaxshi to‘purar nomini olgan Elbek To‘lqinov o‘z sovrinlari qatoriga futzal bo‘yicha Indoneziya chempioni nomini ham qo‘shgan bo‘lsa, uning ukasi Ashir To‘lqinov mavsumni Indoneziya chempionati bronza medali sohibi sifatida yakunladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA