O‘zbekistonga mol go‘shti importi kamaydi
O‘zbekistonda so‘nggi oylarda go‘sht importi hajmi izchil ravishda kamayib bormoqda. Shu bilan birga, ichki bozorda go‘sht mahsulotlari narxining o‘sishi aholi xarajatlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar bu holatni tashqi bozordagi narxlar o‘zgarishi, logistika xarajatlari hamda ichki talabning yuqoriligi bilan izohlamoqda.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil aprel oyida O‘zbekistonga umumiy qiymati 57 million dollarlik 11,2 ming tonna mol go‘shti import qilingan. Bu ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.
Taqqoslash uchun, mart oyida mamlakatga 61 million dollarlik 12,7 ming tonna, fevral oyida esa 67,4 million dollarlik 14,4 ming tonna mol go‘shti olib kirilgan. Shu tariqa, import hajmi martda 1,7 ming tonnaga, aprel oyida esa yana 1,5 ming tonnaga qisqargani kuzatildi.
Qo‘y va tovuq go‘shti importida ham pasayish qayd etildi. Jumladan, aprel oyida respublikaga 8,6 million dollarlik 2,85 ming tonna qo‘y go‘shti import qilingan. Mart oyida bu ko‘rsatkich 3,1 ming tonnani tashkil etgan bo‘lib, umumiy qiymati 9,66 million dollarga teng bo‘lgan
Tovuq go‘shti importi ham qisqarish tendensiyasini namoyon etmoqda. Aprel oyida xorijdan 6,3 million dollarlik 5 ming tonnadan ortiq tovuq go‘shti sotib olingan. Mart oyida esa 7 million dollarlik 6,4 ming tonna tovuq go‘shti import qilingan edi.
Shu bilan birga, ichki bozorda go‘sht mahsulotlari narxi o‘sishda davom etmoqda. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida suyakli mol go‘shti narxi bir oy ichida 3,2 foizga oshgan. Yillik hisobda esa o‘sish 16,6 foizni tashkil etgan.
Suyaksiz mol go‘shti narxi ham oylik hisobda 3,2 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,3 foizga qimmatlashgan. Qo‘y go‘shti narxi aprel oyida 3,7 foizga oshgan bo‘lsa, yillik o‘sish 20,3 foizga yetgan.
Ekspertlar fikricha, import hajmining qisqarishi ichki bozorda taklif hajmiga ta’sir ko‘rsatib, narxlar o‘sishini tezlashtirishi mumkin. Shu bois, bozorda barqarorlikni ta’minlash va aholi uchun oziq-ovqat mahsulotlari narxini maqbul darajada ushlab turish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA