O‘zbekistonda yangi harbiy markaz faoliyatini boshladi
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yillik shodiyonasi arafasida kapital ta’mirdan chiqqan “Yangiariq” umumqo‘shin poligonida endilikda harbiy xizmatchilarning cho‘l sharoitida yashovchanligini oshirish, og‘ir ekstremal vaziyatlarda yashab qolish sirlarini o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan yangi harbiy markaz o‘z faoliyatini boshladi.
So‘nggi besh yilda Qurolli Kuchlarimizni har tomonlama isloh etish, milliy armiyamizni zamonaviy turdagi qurol-aslahalar, harbiy va jangovar texnikalar bilan butlashda katta natijalarga erishildi. Harbiy xizmatchilarning ta’lim-tarbiya jarayonlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, harbiy qismlar, o‘quv-mashg‘ulot maydonlari hamda jangovar tayyorgarlik ob’ektlari zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Og‘ir iqlim va murakkab sharoitga ega bo‘lgan tog‘li hududlarda ham jangovar topshiriqlarni bajarishni o‘rgatish maqsadida o‘quv markazlari tashkil etildi.
Ma’lumki, har yili dunyo bo‘ylab 12 million gektar, 1 daqiqada esa 23 gektar yer cho‘llanadi. Ayni vaqtda yer yuzining qariyb 75 foizi cho‘llanib qolgan. Cho‘llangan suvli hududlarning 87 foizi oxirgi 300 yil ichida shunday holga kelgan. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, cho‘llanishning 54 foizi oxirgi 100 yilga to‘g‘ri kelmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘plab qismini ham cho‘llar egallab olgan.
Ana shunday iqlimi o‘zgaruvchan, bepoyon qumlik va namlik darajasi past bo‘lgan hududlarda birinchi navbatda harbiy xizmatchilarning yashovchanligini oshirish, qo‘yilgan jangovar vazifa sifatli bajarilishiga erishish maqsadida “Yangiariq” umumqo‘shin poligoni negizida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bo‘linmalarini cho‘l sharoitida tayyorlash markazi yaratilib, o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yildi.
Markazning tantanali ochilish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Iqbol Abdurahmonov, nuroniylar, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar, bugungi kunda harbiylarimiz o‘zlarining professional tayyorgarlik darajasi bo‘yicha jahondagi yetakchi davlatlar armiyalarining harbiy xizmatchilaridan aslo qolishmasligi so‘zda emas, balki amalda isbotlayotganini e’tirof etishdi. Hozirda zamon talablariga javob beradigan “Yangiariq” umumqo‘shin poligoni xalqaro miqiyosdagi o‘quvlar, musobaqa va tanlovlarni o‘tkazish imkonini beradigan nufuzli poligonlar qatoridan joy olgani ta’kidlandi.
Yurtimizning asosiy qismi cho‘l hududlaridan tashkil topganini hisobga olganda, bu markazning barpo etilishi Qurolli Kuchlar tizimida o‘ziga xos yangilik bo‘lib, harbiylarning jangovar tayyorgarligini yanada oshirish va yangi bosqichga ko‘tarishga ulkan hissa qo‘shishiga umid bildirildi.
[gallery-4969]
Darvoqe, bugun Xorazm viloyatidagi kuch tuzilmalarining jangovar tayyorgarlikdan amaliy mashg‘ulot jarayonlarini o‘tkazish uchun 4 ming gektar yer maydoniga ega bo‘lgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining “Yangiariq” umumqo‘shin poligoni barcha qulayliklarga ega bo‘ldi.
Bo‘linmalarni cho‘l sharoitida tayyorlash markazi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun poligon hududidagi harbiy topografiya, razvedka, otish va tibbiy tayyorgarliklar, shuningdek, yashovchanlikni oshirish xonalaridan iborat o‘quv binosi, ko‘rgazmali eksponatlardan iborat bo‘lgan hamda amaliy mashg‘ulotlarni olib borishga mo‘ljallangan ikkita yashovchanlik shaharchalari, 150 o‘rinli yotoqxona hamda markaz shaxsiy tarkibining xizmat xonalari ajratildi. Shuningdek, poligondagi boshqa ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik ob’ektlari markazda tahsil oladigan harbiy xizmatchilarga xizmat ko‘rsatishi belgilandi.
Tahsil muddati 14 kunni o‘z ichiga olgan ushbu ta’lim dargohida bir vaqtning o‘zida 50 nafarga yaqin kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar toifasidagi oddiy askar va serjantlar tahsil oladi. O‘quv jarayonining 10 foizi nazariy hamda qolgan 90 foizni amaliy mashg‘ulotlar tashkil etadi. Ta’lim jarayoni dekabrdan fevral oyiga qadar qishki va may oyidan sentyabr oyiga qadar yozgi mavsumlardan iborat.
Amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan Yashovchanlik shaharchasida sahroda olov topish, suv topish va tozalash hamda zaxirasini yaratish, ov qilish va oziq-ovqat zaxirasini g‘amlash, ovqat tayyorlash, tibbiy yordam ko‘rsatish, hududda bo‘linmalarning joylashuvi uchun pana joylarini jihozlash hamda niqoblash, kuzatuv ishlarini olib borish kabi o‘quv joylari barpo etildi. Ta’kidlash joizki, yaratilgan barcha ob’ektlar hududdagi mavjud bo‘lgan mahalliy predmet va o‘simliklardan qo‘lbola usulda yasalishiga, joyga mos holda niqoblanishiga alohida e’tibor qaratildi.
Markazda o‘quv jarayonini tashkil etish uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv joylarining jihozlanishi, kurs tinglovchilarining yashashi va tahsil olishi uchun mavjud qulayliklar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Kursning ilk tinglovchilari tomonidan cho‘l sharoitida olov va suv topish, ov qilishga mo‘ljallangan qo‘l ostidagi predmetlardan yasalgan qurollar va qopqonlarning ishlashi, cho‘l sharoitida bo‘linmalarning niqoblanishi hamda shaxsiy tarkib joylashishi uchun sharoitlarni yaratish, shartli yaradorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish va qo‘lbola tibbiyot buyumlarini yasash bo‘yicha amaliy mashqlar namoyish etildi.
Sahroda ovlangan yovvoyi hayvon va baliqlardan mazali taomlar tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ma’lum muddat ichida saqlashni tashkil etish bo‘yicha mahorat darsi ko‘rsatildi.
Mamlakatimizning Shimoli-g‘arbiy sarhadlarini mustahkam himoya qilish bo‘yicha Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlariga qo‘yilgan o‘quv-jangovar vazifa batalonning shartli dushman kuchlarini o‘qotar qurollar yordamida yo‘q qilishga qaratilgan amaliy ko‘rgazmali mashg‘ulot orqali namoyish etildi.
Mudofaa vazirligi bo‘linmalarini cho‘l sharoitida tayyorlash markazini yanada takomillashtirish, ta’lim jarayonlariga mahalliy va xorijiy tajribani keng tatbiq etish, kelgusida ushbu kurslarda oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining ham tahsil olishini tashkil etish bo‘yicha takliflar ma’qullandi.
Mayor Temur Narziyev,
Shimoli-g‘arbiy harbiy
okrug matbuot xizmati boshlig‘i.
O‘zA