O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7 million so‘mga yaqinlashdi
2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6,8 million so‘mdan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–mart oylarida o‘rtacha ish haqi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,4 foizga o‘sgan. Shu bilan birga, hududlar va iqtisodiy sohalar kesimida maoshlar o‘rtasidagi farq hamon sezilarli darajada saqlanib qolmoqda.
So‘nggi yillar tahlili o‘rtacha ish haqining barqaror o‘sishini ko‘rsatadi. Xususan, 2022-yilda 3,4 million so‘m atrofida bo‘lgan ko‘rsatkich 2023-yilda 4,1 million, 2024-yilda 4,9 million, 2025-yilda esa 5,8 million so‘mga yetgan. 2026-yilning birinchi choragida bu raqam 6 million 825,9 ming so‘mni tashkil etdi.
Hududlar bo‘yicha tahlil ish haqlari o‘rtasida jiddiy farq borligini ko‘rsatmoqda. Eng yuqori maosh Toshkent shahrida qayd etilgan — 11 million 684,3 ming so‘m. Bu o‘tgan yilga nisbatan 18,8 foiz o‘sishni anglatadi.
Navoiy viloyati ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega hududlardan biri bo‘lib, o‘rtacha ish haqi 8 million 453,2 ming so‘mni tashkil etgan. Bu yerda sanoat va konchilik tarmoqlari ulushi katta.
Eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida kuzatildi — 4 million 665,2 ming so‘m. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida ham maoshlar nisbatan past bo‘lib, 4 million 724,2 ming so‘mni tashkil etgan. Natijada, Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyati o‘rtasidagi farq 2,5 baravardan oshgan.
Namangan, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ish haqi o‘rtacha 5 million so‘m atrofida shakllangan bo‘lib, o‘sish sur’atlari 16–19 foizni tashkil etgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ish haqi bank va moliya sohasida saqlanib qolmoqda — 18 million 595,8 ming so‘m. Bu sohada yillik o‘sish 18,2 foizni tashkil etgan.
Axborot va aloqa sohasida ham yuqori maoshlar qayd etilgan — 16 million 525,4 ming so‘m. Tashish va saqlash sohasida eng yuqori o‘sish sur’ati kuzatilib, 22,5 foizga yetgan. Ushbu tarmoqda o‘rtacha ish haqi 10 million 709,3 ming so‘mni tashkil etgan.
Sanoat sohasida o‘rtacha ish haqi 8 million 25,6 ming so‘m, savdoda 7 million 213,4 ming so‘m, qurilishda esa 6 million 496,1 ming so‘mni tashkil etgan.
Eng past maoshlar ijtimoiy sohalarda saqlanmoqda. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimida o‘rtacha ish haqi 4 million 111,6 ming so‘mni tashkil etgan. Ta’lim sohasida bu ko‘rsatkich 4 million 615,9 ming so‘m bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim o‘qituvchilarida 4 million 474,8 ming so‘m darajasida qayd etilgan.
Mutaxassislar fikricha, ish haqining o‘sishiga qaramay, hududlar va sohalar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA