O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha sun’iy intellekt asosida yangi platforma joriy etilmoqda
Mamlakatimizda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Kasbiy ta’lim agentligi tashabbusi bilan Buyuk Britaniyaning EFEKTA kompaniyasi bilan hamkorlikda ingliz tilini o‘qitishga mo‘ljallangan xalqaro ta’lim platformasi joriy etilmoqda.
Mazkur platforma sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydi hamda o‘quvchilarga ingliz tilini qiziqarli va individual tarzda o‘rganish imkonini beradi. Tizimdagi raqamli yordamchi har bir o‘quvchining bilim darajasini tahlil qilib, unga mos shaxsiy o‘quv dasturini shakllantiradi. Natijada o‘quvchilar mashqlar, muloqot amaliyotlari hamda turli interaktiv topshiriqlar orqali til ko‘nikmalarini yanada samarali rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi.
Platforma o‘qituvchilar uchun ham bir qator qulayliklarni taqdim etadi. Xususan, dars rejalarini tuzish, topshiriqlarni tekshirish va baholash jarayonlari avtomatlashtiriladi. Bu esa o‘qituvchilarga o‘quvchilar bilan yanada samarali ishlash imkonini yaratadi.

Xalqaro tajriba ushbu platformaning samaradorligini tasdiqlaydi. Masalan, Braziliyada amalga oshirilgan dastur doirasida ishtirok etgan yuz minglab o‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha test natijalari sezilarli darajada yaxshilangan.
Ma’lumot uchun, EFEKTA – sun’iy intellekt asosida ishlaydigan zamonaviy ingliz tili o‘qitish platformasi bo‘lib, u 60 yildan ortiq tajribaga ega xalqaro ta’lim guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. Bugungi kunda platforma orqali dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida 24 milliondan ziyod o‘quvchi ta’lim olgan.

Loyihaning samaradorligini baholash maqsadida dastlab pilot bosqichi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, 100 nafar ingliz tili o‘qituvchisi platformaga jalb etilib, ular uchun maxsus treninglar tashkil etiladi. Shuningdek, 5000 nafar o‘quvchi platformani sinovdan o‘tkazib, ingliz tili ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Pilot bosqich natijalariga ko‘ra, loyiha 2026-yil sentabr oyidan boshlab TVYeT tizimidagi barcha o‘quvchilarga bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv davomida eng faol o‘qituvchilar hamda yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida ularni Londonga ta’limiy safarlarga yuborish imkoniyati ham muhokama qilindi. Shuningdek, platformadagi ta’lim kontenti masalasi ham ko‘rib chiqilib, hamkorlar ta’lim materiallari O‘zbekiston madaniy muhitiga mos ekanini tasdiqladilar.
Mazkur loyiha O‘zbekistonda ingliz tili ta’limi sifatini oshirish, yosh mutaxassislarning global mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda ta’lim tizimiga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA