O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq vaziyat qanday?
_
Ўтган yilda huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari bilan respublikamizda 12 ming 278 narkojinoyat aniqlandi;
2,3 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi;
15 ming m2 yer maydonida noqonuniy yetishtirilgan giyohvandlik o‘simliklari yo‘q qilindi...
26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni. Mazkur sana munosabati bilan O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori o‘rinbosari Shavket Kayumov bilan suhbatlashdi.
Shavket Rustamovich, ayni paytda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq vaziyat qanday?
– 2024 yil davomida huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari bilan respublikamizda 12 ming 278 narkojinoyat aniqlandi. Tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida 2,3 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilib, iste’molga chiqib ketishining oldi olindi.

15 ming m2 yer maydonida noqonuniy yetishtirilgan giyohvandlik o‘simliklari yo‘q qilindi. 200 dan ortiq dorixona orqali tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalari noqonuniy realizatsiya qilingani aniqlanib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, aholida, ayniqsa, yoshlarda giyohvandlikka qarshi “immunitet”ni shakllantirish, ularni ogohlikka chaqirish maqsadida ta’lim muassasalari, mahallalar, masjidlar, davlat va xususiy sektorga qarashli idora hamda tashkilotlarda jami 40 mingga yaqin targ‘ibot va tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlarda jami 4 million nafar aholi qamrab olinib, ularning qariyb 3 million nafarini o‘quvchi va talabalar tashkil etdi. Giyohvandlik va narkojinoyatlarning ayanchli oqibatlari haqida ommaviy axborot vositalari hamda internet tarmoqlarida jami 11 mingta material yoritilib, aholiga 200 mingga yaqin buklet va flayerlar tarqatildi.
– Aynan qaysi narkotik yoki boshqa kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aylanmasi kuchaygan va qaysi yo‘l bilan? Ularga qarshi qanday kurashilmoqda?
– O‘tgan yili noqonuniy muomaladan olingan narkotiklarning 34 foizini “marixuana”, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning 81 foizini esa “pregabalin” tashkil etdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi sezilarli darajada ko‘paymoqda. Ularning aksariyati “mefedron”, “a-PVP”, “MDMA” va “metamfetamin” kabi moddalar hisoblanadi.
O‘tgan yilning o‘zida huquq-tartibot idoralari tomonidan respublika hududida sintetik narkotiklarni qo‘lbola usulda tayyorlashga mo‘ljallangan 5 ta yashirin narkolaboratoriyalar aniqlanib, ularda saqlangan 70 kg.dan ortiq narkotik va 1 tonnaga yaqin prekursorlar noqonuniy muomaladan olindi.
– Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini ekspert jihatdan baholash, bu borada yagona axborot almashuvi va idoralararo hamkorlikni tashkil etish ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– 2025 yil fevral oyida “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalariga qarshi kurash” tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazildi. 31 yanvar kuni mazkur oylik yuzasidan Yoshlar ishlari agentligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda mutasaddi vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, faol yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oylik doirasida turli muassasa va tashkilotlar hamkorligida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, “mahallabay” va “xonadonbay” targ‘ibot tadbirlariga “mahalla yettiligi” tuzilmasi vakillari jalb etildi.
Milliy gvardiya tizimidagi 2 mingga yaqin inspektor-psixologlar uchun oflayn va onlayn tarzda o‘quv-seminari tashkil etildi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ta’lim muassasalarida yoshlar orasida psixofaol moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish ishlarini tashkil etish mexanizmlari” bo‘yicha uslubiy qo‘llanma taqdimoti tashkil etildi. IIV akademiyasida “Yangi turdagi giyohvandlik vositalari va ularni aniqlash usullari” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Professional ta’limni rivojlantirish institutida seminar tashkil etildi. Qurolli Kuchlar Akademiyasida “Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari orasida narkotik va psixotrop moddalarga bo‘lgan moyillikni aniqlash metodikasi va profilaktikasi” mavzusida profilaktik tadbir tashkil etildi.
Ushbu tadbirlar orqali davlat organlari va tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvi, bilim va ko‘nikmalarni oshirish hamda idoralararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ko‘zga tashlanadi.
– Giyohvandlik vositalarini nazorat qilish sohasida xorijiy davlat tuzilmalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan qanday hamkorlik o‘rnatilgan?
–Giyohvandlikka va giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish sohasidagi qat’iy siyosiy iroda tufayli amaliy chora-tadbirlar samaradorligi ortmoqda. Bu borada markaziy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi faoliyat olib bormoqda.
Qonunchilik va institutsional islohotlar borasida O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini huquqiy jihatdan mustahkamlab bergan muhim qadamlardan biri2024 yil may oyida qabul qilingan 2024 - 2028 yillarga mo‘ljallangan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi milliy strategiya bo‘ldi. U 110 nafardan ortiq mahalliy va 59 nafar xalqaro mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqildi.
Strategiya 6 asosiy maqsad va 48 ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi. Profilaktika va erta diagnostika, reabilitatsiya tizimini rivojlantirish, internet orqali tarqatilayotgan giyohvand moddalarga qarshi kurash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash shular jumlasidandir.
Ushbu hujjat asosida 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur tasdiqlandi. Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida bugungi kunda Milliy markaz 40 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Toshkentdagi Mintaqaviy vakolatxona, Yevropa Ittifoqi CADAP dasturi, YeXHT, SHHT, Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot va muvofiqlashtirish markazi mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi muhim sheriklardir.
Yevropa Ittifoqi CADAP dasturi 7-fazasi doirasida 100 dan ziyod mutaxassis nufuzli xalqaro muassasalarda malaka oshirdi hamda tegishli vazirlik va idoralarga maxsus texnika hamda uskunalar taqdim etildi.
Muvaffaqiyatli tashabbuslardan biri – 2024 yil 4 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan Markaziy Osiyoda narkotiklarga qarshi yagona front tuzish haqidagi rezolyutsiya hisoblanadi. 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot va muvofiqlashtirish markaziga raislik qilmoqda.
Xalqaro dasturlar doirasida O‘zbekiston ixtisoslashtirilgan texnika va uskunalar (masalan, CADAP-7 doirasida), huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun o‘quvlar, qonunchilik va raqamli monitoring yuzasidan metodik yordamlar kabi ko‘maklar oldi.
Ayniqsa, so‘nggi 5 yilda musodara etilgan sintetik narkotiklarning hajmi 80 barobarga oshgani xalqaro hamkorlikning zaruratini yanada oshirmoqda. Ayrim tahdidlar haqidagi ma’lumotlar almashinuvi dolzarb ahamiyatga ega.
Milliy markaz nafaqat milliy darajada, balki global darajada hamkorlik platformasiga aylanmoqda. Strategik maqsad narkotiklarganisbatan jamiyatda immunitet yaratish va transmilliy narkotahdidlarga qarshi mustahkam to‘siq qo‘yishdan iborat.
– Markazga giyohvandlik vositalarini nazorat qilish sohasida erishilgan natijalar va aniq ko‘rsatkichlar aks ettirilgan batafsil axborotni doimiy ravishda keng jamoatchilikka yetkazib borish yuklatilgan. Buning ijrosi qanday ta’minlanmoqda?
– Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va ko‘rsatkichlar doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazilib borilmoqda. Bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish yuzasidan 2024 -2025 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur ijrosini keng yoritish yuzasidan media-reja ishlab chiqildi.
Media-reja doirasida 600 dan ortiq maxsus reportaj va ko‘rsatuvlar tayyorlandi. 7,2 ming material ommaviy axborot vositalari va Internet tarmoqlarida yoritildi.
“E’tibor”, “Kurash”, “Tanlov” kabi hayotiy voqealarga asoslangan qisqa metrajli filmlar ishlab chiqildi. Ushbu filmlar jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tarmoq faollari tomonidan faol tarzda ulashilib, ularning qamrovi yanada kengaydi. Mazkur filmlar o‘quvchilarga ham namoyish etildi.
Milliy markaz tomonidan ogohlikni oshirishga qaratilgan jami 6 ta 3,7 million nusxada flayerlar ishlab chiqilib, aholi gavjum joylarda tarqatildi. E’tiborlisi shundaki, flayerlarni tarqatish jarayonida yoshlar ham faol ishtirok etdi.
Mamlakatimiz bo‘ylab giyohvandlikka qarshi kurashda birdamlikka chaqiruvchi targ‘ibot karvonlari tashkil etilib, keng jamoatchilik qamrab olinganining o‘zi ham zamon talabidan kelib chiqqan holda profilaktik tadbirlar yangicha usul va yondashuv bilan tashkil etilayotganiga misol bo‘la oladi.
Dolzarb mavzular bo‘yicha o‘tkazilayotgan matbuot anjumanlarida giyohvandlik vositalariga qarshi kurash sohasidagi eng so‘nggi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazib kelinmoqda.
Ushbu ishlar orqali aholining xabardorlik darajasi oshib, giyohvandlik vositalarining xavfli oqibatlari va ularning oldini olish mexanizmlari borasidagi tushunchalari mustahkamlanmoqda.
Markaz faoliyati shaffofligi va jamiyat bilan ochiq muloqotni ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida doimo e’tibor markazida bo‘lib qoladi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.