O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi ortib bormoqda
Mamlakatimizda ichki iste’mol, servis infratuzilmasi va raqamlashtirish jarayonlarining jadallashishi bozor xizmatlari sohasida yuqori natijalarni ta’minlamoqda.
2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston iqtisodiyotining xizmat ko‘rsatish sohasida sezilarli o‘sish sur’atlari qayd etildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlarining umumiy hajmi 664,9 trillion so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,9 foizga oshdi.
Xizmatlar hajmi asosiy turlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlandi:
Eng yuqori ko‘rsatkich savdo xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelib, 170 trillion so‘mni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarni yashash va ovqatlanish (115,2 trln so‘m), moliyaviy (104,2 trln so‘m) hamda transport xizmatlari (103,9 trln so‘m) egalladi.
Shuningdek, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari bo‘yicha 51,9 trillion so‘mlik, ta’lim sohasida 23,8 trillion so‘mlik hamda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar bo‘yicha 16,2 trillion so‘mlik ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Qolgan sohalar bo‘yicha ko‘rsatkichlar quyidagicha: shaxsiy xizmatlar — 11,9 trln so‘m; sog‘liqni saqlash xizmatlari — 11,3 trln so‘m; me’morchilik, muhandislik izlanishlari va texnik sinovlar — 8,9 trln so‘m; kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash — 7,8 trln so‘m; ijara xizmatlari — 7,6 trln so‘m hamda boshqa turdagi xizmatlar — 32,2 trillion so‘m.
2026-yilning birinchi yarim yilligidagi 16,9 foizlik o‘sish mamlakatda aholining xarid qobiliyati va ishbilarmonlik muhiti izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, moliya, IT va servis sohalarining jadal o‘sishi O‘zbekiston iqtisodiyotida xizmatlar ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Hamroz Bayonov, O‘zA