O‘zbekistonda bolalar mehnatiga barham berilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etildi
Jenevada Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi o‘tkazilmoqda. Tadbir doirasida 12-iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Bolalar mehnatiga qizil kartochka: Marokashdan amaliy harakatlargacha” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Aslida himoyaga, g‘amxo‘rlikka muhtoj bo‘lgan jajji qo‘llardan foydalanish, ya’ni bolalar mehnati, ming afsuski, dunyo bo‘ylab hamon uchrab turibdi. Shu bois, tadbir ishtirokchilari insoniyat qadam qo‘ygan taraqqiyotning hozirgi bosqichida bolalar mehnatini butunlay tugatish zaruriyatiga e’tibor qaratdi.
Bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etish hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashda amaliy natijalarga erishish bo‘yicha fikr almashildi.

Konferensiyada ishtirok etayotgan 187 davlat vakillari oldida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda mehnat, ijtimoiy himoya va ta’lim sohalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini taqdim etdi.
O‘zbekistonda bolalar mehnatiga deyarli to‘liq barham berilgani, bu natija davlat siyosatining izchilligi, kuchli ijtimoiy himoya tizimi va samarali xalqaro hamkorlikning amaliy samarasi sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholandi.
Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqida bolalar mehnatiga qarshi kurashish faqat huquqiy taqiqlar bilan cheklanmasligi, balki uning ildiz sabablarini bartaraf etish orqali barqaror natijalarga erishish mumkinligini alohida ta’kidladi.

– Qashshoqlikni qisqartirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, sifatli ta’lim va munosib mehnat imkoniyatlarini kengaytirish bolalar mehnatining oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega, – dedi T.Norboyeva. – Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi, izchil va tizimli islohotlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik natijasida O‘zbekistonda bolalar mehnatiga amalda to‘liq barham berildi. Mazkur muammo qayta yuzaga kelishining oldini oluvchi samarali va barqaror mexanizmlar shakllantirildi.
Ushbu yutuqlarga erishishda XMT, ish beruvchilar uyushmalari va kasaba uyushmalari bilan olib borilgan yaqin hamkorlik muhim o‘rin tutgani, XMTning tavsiya va standartlari izchil ravishda hayotga tatbiq etilgani qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekistonning bolalar mehnatiga qarshi kurashish sohasidagi muvaffaqiyatli tajribasi eng samarali modellardan biri sifatida e’tirof etildi.
Ishtirokchilar bugungi kunda qurolli mojarolar, migratsiya jarayonlari, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy beqarorlik va norasmiy bandlik kabi omillar dunyo miqyosida bolalar mehnati xavfini yanada kuchaytirayotganiga e’tibor qaratdi.
Shu munosabat bilan Marokash global harakatlar dasturining ahamiyati yuqori baholanib, bolalar mehnatini butunlay tugatish yo‘lida davlatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini yanada birlashtirish, amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA