O‘zbekistonda baliqlarning yangi turi kashf qilindi
O‘zbekiston geografik jihatdan o‘ziga xos mintaqada joylashganligi bois uning hayvonot dunyosi ham boshqa hududlar faunasidan yetarlicha farq qiladi.
Umurtqali hayvonlar boshqa hayvonlar orasida nisbatan yuksak tuzilishga egaligi bilan ajralib turadi. Ushbu hayvonlar orasida yangi turlarning topilishi esa fan olamidagi kamyob hodisalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston suv havzalaridagi baliqlarni tadqiq qilish bilan shug‘ullanuvchi vatandoshimiz biolog-ixtiolog Baxtiyor Sheraliyev kuni kecha o‘lkamiz ixtiofaunasi uchun yangi baliq turini kashf qilishga muvaffaq bo‘ldi. Kashfiyot xalqaro «Journal of Fish Biology» jurnalida rasman e’lon qilindi.
Farg‘ona vodiysi suv havzalarida uchraydigan, avval fanga ma’lum bo‘lmagan yangi baliq turiga u kashf qilingan hudud - Farg‘ona vodiysi sharafiga Farg‘ona yalangbalig‘i (Triplophysa ferganaensis) deb nom berildi. Yangi tur vodiyning tog‘li hududlari suvlarida uchraydi.
-Aksariyat tadqiqotchilar bizning mintaqamizdagi barcha hayvon turlari o‘rganib bo‘lingan, deb hisoblaydi. Aslida bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘lkamiz suv havzalarini tadqiq etar ekanman, bizda hali o‘rganilmagan turlar yetarlicha ekanligiga borgan sari ishonchim komil bo‘lib bormoqda. Biz kashf qilgan yangi baliq turi bunga yorqin misol bo‘la oladi, - deydi tadqiqotchi Baxtiyor Sheraliyev.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston suv havzalaridan so‘nggi marta yangi baliq turning kashf etilishi o‘tgan asrning o‘rtalariga to‘g‘ri kelar ekan. Yangi tur so‘nggi 70 yillikda topilgan yangi baliq turi hisoblanadi. Undan bu baliq mana shu o‘tgan vaqt ichida paydo bo‘lib qolganmi deb so‘raganimizda, “yo‘q, bu baliq azaldan bor bo‘lgan, uning yer yuzida paydo bo‘lganiga bir necha million yillar bo‘lgan. Shunchaki avval bu baliq turi olimlar nazaridan chet qolib ketgan. Qolaversa, yurtimizning tog‘li mintaqalaridagi kichik daryolarning ixtiofaunasi hali to‘liq o‘rganib chiqilmagan. U yerda hali o‘zining o‘rganilishi kutib turgan bir qancha turlar borligiga ishonaman, - deb javob berdi.
O‘lkamiz baliqlar faunasiga yangi turning qo‘shilgani bilan barcha biolog olimlarni izlanish mahsulidir.
M. Sulaymonov, O‘zA