O‘zbekistonda 5400 dan ortiq arxeologik yodgorlikni qamrab olgan raqamli platforma ishga tushirildi
Mamlakatimizning boy tarixiy va madaniy merosini saqlash hamda ilmiy jihatdan o‘rganishda raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday muhim tashabbuslardan biri sifatida mamlakatdagi arxeologik yodgorliklar haqidagi ma’lumotlarni yagona tizimga jamlovchi maxsus elektron platforma test rejimida ishga tushirildi.
Madaniy meros agentligi hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti tomonidan Innovatsion rivojlanish agentligining “Respublikadagi mavjud arxeologik yodgorliklar axborot platformasini yaratish” nomli amaliy loyihasi doirasida O‘zbekiston arxeologik yodgorliklarining uzarchaeology.uz yagona raqamli platformasi test rejimida foydalanishga topshirildi.
Mazkur platforma mamlakatimiz hududida joylashgan arxeologik yodgorliklar haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazada jamlash va ularni tizimli ravishda boshqarishga xizmat qiladi. Hozirgi kunga qadar platformaga 5400 dan ortiq arxeologik yodgorlik bo‘yicha ma’lumotlar kiritilgan bo‘lib, ushbu raqamli resurs bosqichma-bosqich boyitilib va takomillashtirib borilmoqda.
Platformadagi ma’lumotlar respublikadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, Madaniy meros agentligining hududiy boshqarmalari hamda oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tomonidan arxiv hujjatlari, ilmiy manbalar va dala tadqiqotlari natijalari asosida shakllantirilgan.
Yagona raqamli platforma doimiy ravishda yangilanib boriladigan axborot tizimi hisoblanadi. Unga yangi aniqlangan arxeologik yodgorliklar, aniqlashtirilgan koordinatalar hamda ilmiy tadqiqotlar natijasida olingan qo‘shimcha ma’lumotlar muntazam kiritib boriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA