O‘zbekistonda 41 ta professional teatr faoliyat yuritmoqda: tomoshabinlar soni 4,4 millionga yetdi
Teatr nafaqat san’at maskani, balki jamiyatning ma’naviy qiyofasini shakllantiruvchi muhim madaniy institut hisoblanadi.
Keyingi yillarda mamlakatda teatrlar faoliyatini modernizatsiya qilish, repertuarlarni boyitish va tomoshabinlar qamrovini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Statistik ma’lumotlar esa ushbu sohaga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda 41 ta professional teatr faoliyat yuritgan.
O‘tgan 2025-yil davomida mazkur teatrlarda 11 906 ta spektakl sahnalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich teatr ijodiy jamoalari yil davomida deyarli har kuni o‘nlab spektakllarni tomoshabinlarga taqdim etganini anglatadi.
Eng e’tiborli jihatlardan biri — tomoshabinlar faolligi. Bir yil ichida teatrlarga qariyb 4,4 million nafar tomoshabin tashrif buyurgan. Bu esa aholi orasida teatr san’atiga qiziqish ortib borayotgani, madaniy dam olishga bo‘lgan ehtiyoj mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar fikricha, teatrlar faoliyatini yanada rivojlantirish uchun zamonaviy sahna texnologiyalarini joriy etish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli targ‘ibotni kuchaytirish hamda hududlardagi aholi uchun teatr xizmatlari qamrovini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar milliy teatr san’atining raqobatbardoshligini oshirish va yangi tomoshabinlar avlodini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA