O‘zbekistonda 40 yoshdan katta talabalar soni 53 mingdan oshdi
Yurtimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni yildan-yilga oshib bormoqda.
Bunda xususiy OTMlarga faoliyatiga keng o‘rin berilayotgani, barcha oliygohlarda kvotalarning ko‘paytirilayotgani, shuningdek, xotin-qizlar ta’limi uchun imkoniyat va imtiyozlar yaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sohadagi ushbu sa’y-harakatlar natijasida nafaqat yoshlar, balki yoshi kattalar o‘rtasida ham oliy ta’limga ega bo‘lish ishtiyoqini oshirmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yilida oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan 40 yosh va undan katta talabalar soni 53 ming 483 nafarni tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich 2010/2011 o‘quv yiliga nisbatan 52 ming 867 nafarga oshgan. Jumladan, 40 yosh va undan katta talabalar soni 2010/2011 o‘quv yilida 616 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2020/2021 o‘quv yilida 10 ming 110 nafar, 2021/2022 o‘quv yilida 10 ming 531 nafar, 2022/2023 o‘quv yilida 20 ming 247 nafar, 2023/2024 o‘quv yilida 36 ming 113 nafar, 2024/2025 o‘quv yilida 44 ming 22 nafar, 2025/2026 o‘quv yilida esa 53 ming 483 nafarni tashkil etgan.
Bu raqamlar oliy ta’limga qaratilayotgan e’tibor hamda yaratilayotgan imkoniyatlar natijasini o‘zida namoyon qiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, «O‘zbekiston — 2030» Strategiyasida oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish borasida bir qator vazifalar belgilangan. Xususan, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, «Top-500»ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida «ikki diplomli tizim»ni joriy etish maqsadlari nazarda tutilgan. Yurtimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Bunda xususiy OTMlarga faoliyatiga keng o‘rin berilayotgani, barcha oliygohlarda kvotalarning ko‘paytirilayotgani, shuningdek, xotin-qizlar ta’limi uchun imkoniyat va imtiyozlar yaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA