O‘zbekiston – Yaponiya: ta’limda hamkorlik samaralari
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish borasida mamlakatimizda yetakchi o‘rinda turadi. Endilikda hudud yoshlarining aqliy salohiyatini yanada oshirish maqsadida yaponiyalik mutaxassislar bilan yaqin hamkorlik qilinmoqda.
Kunchiqar yurt vakillari 2022 yilning oktyabr-dekabr oylarida Qorako‘lda bo‘lib, bir qator loyihalarni shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. O‘zaro kelishuvga asosan Yaponiyadan ikki nafar pedagog-konsultant matematika fani professori Hisao Shimomachi va Emore Mayakolar Qorako‘l tumaniga ta’lim tizimida tajriba almashish, Yaponiyaning ilg‘or pedagogik texnologiyalarini, ta’lim metodlarining maqbul tomonlarini joriy etish maqsadida Qorako‘l tumaniga kelgan edi. Ular 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabida barcha matematika fani o‘qituvchilari bilan faoliyat samaradorligi, mantiqiy fikrlashni shakllantirish usullari, o‘quvchilarni matematika faniga qiziqish yo‘llari hamda matematikani kundalik hayotda qo‘llash qobiliyatini rivojlantirish yo‘llarini muhokama qildi. Mutaxassislar, tumandagi barcha maktab direktorlari bilan birgalikda Yaponiyaning ta’lim tizimi haqida ma’lumotlar almashdi.
[gallery-10187]
Menejerlik qobiliyatini rivojlantirish, boshqaruvning samarali usullari mavzusida darslar tashkil etildi. Ta’lim tizimidagi mavjud muammoli vaziyatlar va ularning yechimlari yuzasidan muloqotlar o‘tkazildi. Ayniqsa, Hisao Shimomachining kvadrat funksiyasi mavzusidagi ochiq darsi barchada katta taassurot qoldirdi. Yaponiyalik mutaxassislar bilan birgalikda Buxoro viloyati miqyosidagi o‘quv amaliy seminari tashkil qilindi.
– Men Yaponiyadan O‘zbekistonga kelganimdan keyin bu yerda uchta mavzuda seminar va ilmiy-amaliy ishlarni olib bordim, –deydi Yaponiyaning matematika fani professori Hisao Shimomachi. –Birinchisi bu matematika fani o‘qituvchilariga Yaponiyada matematikani o‘rgatish tajribasi haqidagi seminar. Ikkinchisi, o‘zbekistonlik yoshlarga matematikadan ilmiy-amaliy dars trening, uchinchisi maktablarda boshqarish tizimi haqida o‘qituvchilarga va direktor o‘rinbosarlariga ilmiy-amaliy seminar o‘tib berdim.
Shuningdek, 15-umumta’lim maktabida ingliz tili fani darsida Yaponiyaning maktab o‘quvchilari bilan onlayn ZOOM platformasi orqali konferensiya tarzida tashkil etilgan dars jarayonidan o‘qituvchilar kunchiqar yurt yoshlarining o‘quv metodikasi bilan yaqindan tanishdi. Ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida tashrif yakunida yaponiyalik mutaxassislar bilan birgalikda o‘qituvchilar uchun o‘quv metodik qo‘llanmasi ishlab chiqildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA