O‘zbekiston yana bir bor “Global Times” e’tiborida!
Xitoyning “Global Times” gazetasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro masalalar bo‘yicha prorektori, taniqli davlat va jamoat arbobi, diplomat, atoqli olim Saidmuxtor Saidqosimov bilan suhbatning ikkinchi qismi e’lon qilindi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi munosabatning bugungi holati, Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammiti tafsiloti, Si Szinpinning mamlakatimizga davlat tashrifi yuzasidan muhim fikr-mulohazalar bildirilgan. Ikki mamlakatni hayotiy manfaat, umumiy kelajak birlashtirishi, SHHT va boshqa tuzilmalar doirasida ko‘p tomonlama hamkorlik mustahkamlanayotgani qayd etilgan.
Muallif, shuningdek, O‘zbekiston – Xitoy tashqi aralashuvga birgalikda qarshi tura olishi, terrorizm, ekstremizm va separatizm kabi “uch yovuz kuch”ga, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishi, axborot sohasidagi va umumiy xavfsizlikni ta’minlash ko‘lamini kengaytirayotganga alohida e’tibor qaratgan.

– Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabat darajasini Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga g‘oyat muvaffaqiyatli davlat tashrifi bilan belgilashimiz mumkin, bunday yuqori darajadagi uchrashuv xalqlarimiz uchun tarixiy voqeaga aylangani yaqqol ayon, – degan S.Saidqosimov suhbat chog‘ida.
Nashrda Xitoy ko‘p yillar davomida O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkori ekani, ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida sanoat kooperatsiyasini, farmatsevtika, telekommunikatsiya sohalarini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, qo‘shma yuqori texnologiyalar sanoat parklari tashkil etish orqali istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani sharhlangan.
Maqolaning asosiy qismida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashida erishilgan asosiy yutuqlar birin-ketin ko‘rsatib o‘tilgan. Samarqand sammiti, umuman olganda, muvaffaqiyatli va eng muhimi, samarali kechganiga urg‘u berilgan. Yurtimizning tuzilmaga raisligi bo‘yicha belgilangan rejalar to‘liq amalga oshirilgani, 80 dan ziyod yirik xalqaro tadbir o‘tkazilgani bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Gazeta yozishicha, uchrashuvning asosiy hujjati – “Samarqand deklaratsiyasi” imzolangani, rekord miqdordagi kelishuv, konsepsiya, dastur va qarorlar qabul qilingani tashkilotning keyingi unumli faoliyati uchun keng yo‘l ochadi.
– Davlat rahbarlari kengashining iqlim o‘zgarishiga javob berish, global oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlashga oid bayonotlari diqqatga sazovor, – deyiladi maqolada. – SHHT mamlakatlari o‘rtasida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik dasturlari imzolanishi juda dolzarb masala yechimining boshlanishi.
Suhbatdosh – diplomat S.Saidqosimov “Global Times” gazetasi jurnalistining “Xitoyning SHHTdagi roli va tashkilotga qo‘shgan hissasini qanday baholaysiz?”, degan savoliga ham atroflicha javob bergan.
U tashkilotning shakllanishi va yanada rivojlanishida Xitoyning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, XXR SHHT hamkorligini, ayniqsa, barcha a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqasini kengaytirishda yetakchi bo‘lib qolayotganiga urg‘u bergan.
– Yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar, jahon iqtisodiyoti bilan bog‘liq muammolarga qaramay, Xitoyning SHHT tarkibidagi davlatlar bilan savdo aylanmasi jadal sur’atda o‘sib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foiz oshgan, ya’ni 1.73 trillion yuan (250 milliard dollar)ga yetgan, – deya iqtibos keltirilgan JIDU prorektori so‘zlaridan.
Maqolada, shuningdek, diplomatik munosabat o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 30 yilda Xitoy – O‘zbekiston aloqasi izchil rivojlanib, sezilarli muvaffaqiyatga erishib, tinchlik-totuvlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik ruhidagi davlatlararo munosabatning yorqin namunasiga aylangani e’tirof etilgan.
“Global Times” Xitoyda ingliz tilida juda katta tirajda chiqarilib, butun dunyoga tarqatiladigan gazeta. Mana shunday nufuzli nashrda e’lon qilingan ikki qismdan iborat ushbu salmoqli intervyu Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan yangicha, ochiq, keng hamkorlikka qaratilgan tashqi siyosat jahonning yetakchi tahliliy markazlarida ham ulkan qiziqish uyg‘otayotganining yorqin ifodasidir. Ushbu material gazetaning birinchi sahifasi yuqori qismida alohida anons tarzida berilishi ham mavzu beqiyos ahamiyat kasb etganini tasdiqlaydi.
Darvoqe, yana bir e’tiborga molik holat: Davlatimiz rahbarining SHHT sammiti oldidan e’lon qilingan maxsus maqolasi ham ayni shu gazeta orqali ingliz tilida tezkorlik bilan jahon hamjamiyatiga, ommaviy axborot vositalariga tarqatilgan edi.
B.Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA