O‘zbekiston-Xitoy: mintaqalar hamkorligi mustahkamlanmoqda
Samarqandga birin-ketin Xitoy provinsiyalari delegatsiyalari o‘zaro hamkorlik istab kelishmoqda. Shensi provinsiyasi tadbirkoru amaldorlari sentyabrning dastlabki kunlari Samarqandda amaliy uchrashuv o‘tkazishdi. Bu gal esa Shandun provinsiyasi kompartiyasi doimiy qo‘mitasi bosh kotibi Chjan Xaybo rahbarligidagi sanoat ishlab chiqarish tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi yetakchi brend va firmalari, ommaviy axborot vositalari vakillari delegatsiyasi o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni o‘rnatish niyatida O‘zbekistonning ko‘hna diyorida bo‘ldilar.
Delegatsiya a’zolarini Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov qabul qildi. So‘ngra kengaytirilgan tarkibda yuzma-yuz muloqotlar bo‘ldi.


Shandun provinsiyasida ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Shundan so‘ng “Silk Rood by Minyoun” mehmonxonasi forumlar saroyida Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi rahbarlari, tadbirkorlar, OAVlari vakillari ishtirokida “Mehmondo‘st va taraqqiy topgan Shandun” shiori ostida taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Shandun provinsiyasi kompartiyasi doimiy qo‘mitasi bosh kotibi Chjan Xeybo, biznes, turizm, ishlab chiqarish tarmoq rahbarlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va XXR raisi Si Szinpinning 2022 yildagi uchrashuvlaridan so‘ng ikki mamlakat strategik munosabatlari yangi darajaga chiqqani ta’kidlab, imzolangan davlatlararo hujjatlar ijrosini ta’minlashga bugungi Samarqand forumi munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi, dedilar.
Anjumanda Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik shartnomalari imzolandi.


Muallif: Muhammadjon Obidov.