O‘zbekiston-Xitoy: Madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichda
Shu kunlarda O‘zbekistonning bir guruh madaniyat va san’at sohasi vakillari xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida bo‘lib turibdi.
Ma’lumki, o‘zbek-xitoy madaniy-gumanitar hamkorligi bugungi kunda Madaniyat va san’at sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim asosida jadal rivojlanib, ko‘rgazmalar, gastrollar, teatr va kino festivallarini o‘z ichiga olgan holda yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki davlat rahbarlarining strategiyasi va O‘zbekiston – Xitoy hududlararo forumi kabi platformalar bu jarayonni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Madaniyat va san’at sohasida o‘zbek-xitoy hamkorligi hamda gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan safar davomida madaniyat va san’at muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, Shanxayning madaniyat va kreativ industriyani rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan tanishilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Akilova ham ishtirok etib, soha bo‘yicha Shanxay vakillari bilan uchrashuvlar va muloqotlar o‘tkazmoqda.

Bu aloqalar nafaqat O‘zbekiston tasviriy san’atini Xitoy va jahon minbarlarida targ‘ib qilish, balki ikki mamlakat ijodkorlari o‘rtasida tajriba almashish va kreativ industriyani rivojlantirishga zamin yaratadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA