O‘zbekiston – Xitoy kasaba uyushmalari: Mushtarak maqsadlar hamda mehnatkashlar oldidagi umumiy mas’uliyat
Qariyb 18 milliard dollarlik tovar ayirboshlash, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan olti mingdan ziyod qo‘shma korxona, o‘nlab milliard dollarlik investitsiya loyihalari...
Ushbu raqamlar O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi ulkan ko‘lamidan darak beradi. Tabiiyki, har qanday yirik loyiha va iqtisodiy ko‘rsatkich ortida insonlar mehnati turadi. Demak, hamkorlik kengaygani sayin mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etib boraveradi.
23-sentabr kuni Pekinda Ўзбекистон kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov hamda Butunxitoy kasaba uyushmalari Federatsiyaси raisi Van Dunmin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ana shunday muhim masalalar muhokama qilindi.
Van Dunmin ayni paytda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritadi. U rahbarlik qilayotgan Butunxitoy kasaba uyushmalari federatsiyasi 1925-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi hududiy va tarmoq kasaba uyushmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi, mehnatkashlar huquq va manfaatlarini ifoda etadi.
Uchrashuv chog‘ida Van Dunmin Xitoyning bugungi iqtisodiy taraqqiyoti, mamlakatda yangi – o‘n beshinchi besh yillik rejani amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi. U O‘zbekiston kasaba uyushmalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirishga, amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirishga, mehnat jamoalari va kasaba uyushmalari vakillari o‘rtasidagi almashinuvlarni rag‘batlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Xitoy tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari bilan aloqalarni rivojlantirishga ham alohida qiziqish bildirmoqda. Bu esa ikki tomonlama munosabatlarning kelgusida yanada keng mintaqaviy mazmun kasb etishidan dalolat beradi.
Qudratilla Rafiqov o‘z nutqida O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi yuksak darajasida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.
«Bugun davlatlarimiz rahbarlari, yaqin do‘stlar – hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev va hurmatli Rais Si Szinpinning mushtarak siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi o‘z tarixining eng yuksak davrini boshdan kechirmoqda», dedi Qudratilla Rafiqov.
U shu yil 31-avgust kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarni ham alohida qayd etdi. Ushbu muloqot chog‘ida davlat rahbarlari har qanday sharoitda ham mustahkam, har tomonlama strategik sheriklikni yanada kengaytirishga intilishini tasdiqlagan edi.
«Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Xitoy O‘zbekiston bilan do‘stlik va hamkorlikning yangi «oltin o‘n yilligi»ni boshlashga tayyor ekanini alohida ta’kidladi», dedi Qudratilla Rafiqov.
Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy aloqalar kengaygani sari kasaba uyushmalari oldidagi vazifalar ko‘lami ham ortib bormoqda. Bugun amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarga baholanmoqda. Sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, yuqori texnologiyalar singari hamkorlik qamrovi ham yildan-yilga kengaymoqda.
Bu jarayonda har bir yangi korxona, har bir yirik ishlab chiqarish maydoni yangi ish o‘rinlari, yangi mehnat jamoalari va tabiiyki, mehnat munosabatlariga doir yangi vazifalarni yuzaga keltiradi. Shu ma’noda kasaba uyushmalari o‘rtasidagi muloqot iqtisodiy hamkorlikning ijtimoiy tayanchlaridan biriga aylanmoqda.
Ikki davlat kasaba uyushmalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlar ancha avval boshlangan. 2024-yil oktabr oyida Xitoy kasaba uyushmalari delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurgan, muzokaralar yakunida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi.
Pekindagi uchrashuv esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari delegatsiyasining Xitoyga ilk rasmiy tashrifi sifatida ham ahamiyatli bo‘ldi.
«O‘zbekiston kasaba uyushmalari uchun Butunxitoy kasaba uyushmalari federatsiyasi – ishonchli hamkor va vaqt sinovidan o‘tgan do‘st. Bizni mushtarak maqsadlar hamda mehnatkashlar oldidagi umumiy mas’uliyat birlashtirib turadi», deya ta’kidladi Qudratilla Rafiqov.
Federatsiya raisi O‘zbekiston tomoni hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha xitoylik hamkasblariga beshta taklif bildirganini ma’lum qildi. «Ularning ikkitasi bo‘yicha ishlar allaqachon boshlanganidan mamnunmiz», dedi u.
Kelgusidagi hamkorlikda tajriba almashish, kasaba uyushmalari faoliyatidagi zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish, gumanitar aloqalarni kengaytirish kabi yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat berish ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston tomoni Xitoy kasaba uyushmalarining amaliy tajribasini o‘rganish va samarali mexanizmlarni milliy amaliyotga moslashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif dasturi doirasida Sian shahridagi Mehnat ilg‘orlari muzeyi, mashinasozlik zavodi hamda «Xitoy – Yevropa» poyezdlari tarkibini shakllantirish markazida bo‘ldi.
Mazkur tanishuv chog‘ida, ayniqsa, Xitoyda mehnat kishisiga bo‘lgan munosabat delegatsiya a’zolari e’tiborini tortdi.
«Biz Xitoyda mehnat ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmatni yana bir bor his etdik. Bugungi qudratli va zamonaviy Xitoy ana shu insonlar bilimi, mahorati va fidokorona mehnati bilan barpo etilmoqda», dedi Qudratilla Rafiqov.
Darhaqiqat, zamonaviy iqtisodiyot avvalo inson kapitali, kasb mahorati va mehnatga munosabat bilan barpo bo‘ladi. Xitoy tajribasida ishchi va mutaxassislarning mehnatini e’tirof etish, ularning yutuqlarini keng targ‘ib qilish alohida o‘rin tutadi.
Muzokaralarda Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajribasi ham muhim mavzulardan biriga aylandi.
Qudratilla Rafiqov bu borada O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. «Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda kambag‘allik muammosi ochiq tan olindi va uni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi», dedi u.
Ushbu jarayonda kasaba uyushmalari faollari ham keng ishtirok etmoqda. Shu nuqtai nazardan Xitoy tajribasi aholini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish borasida samara bergan yondashuvlarni tahlil qilish imkonini beradi.
Muloqot davomida Butunxitoy kasaba uyushmalari Federatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari bilan ham hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirdi. Bu yondashuv mintaqada mehnat munosabatlari, ijtimoiy himoya va kasaba uyushmalari faoliyati bo‘yicha tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.
Qudratilla Rafiqov Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan «Bir makon – bir yo‘l» tashabbusining mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, transport va gumanitar aloqalarni kengaytirishdagi ahamiyatiga ham to‘xtaldi. Zero, yirik infratuzilma va investitsiya loyihalari ko‘payishi barobarida ularda ishtirok etayotgan mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasi ham tobora muhimroq ahamiyat kasb etib boradi.
Uchrashuv yakunida Qudratilla Rafiqov Van Dunminni O‘zbekistonga taklif qildi.
Pekindagi uchrashuv bilan muloqotning yana bir muhim sahifasi ochildi. Oldinda esa bildirilgan takliflarni hayotga tatbiq etish, o‘zaro tajribani boyitish va mehnatkashlar manfaati yo‘lida birgalikda ishlash vazifasi turibdi. Chunki oddiy odamlar o‘z mehnati qadrlanayotganini his etsa, uning huquqi va manfaati ishonchli himoya qilinsa, hamkorlikning samarasi ham hayotda o‘z aksini topadi.
O‘zA