O‘zbekiston-Xitoy: ipakchilik sohasida hamkorlik kengaymoqda
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Iqboljon Ergashev hamda "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Rashid Abdullayev boshchiligidagi ipakchilik hamda urug‘chilik korxonalari rahbarlaridan iborat delegatsiya azolari Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi.
Tashrifning birinchi kunida delegatsiya a’zolari Sichuan provinsiyasidagi urug‘ ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Xitoyda uchinchi o‘rinda turuvchi "Sichuan Xichang Cocoon Silk Co" urug‘chilik korxonasida bo‘ldi.

Korxona faoliyati va provinsiyadagi tutzorlar bilan yaqindan tanishildi, shuningdek, 2025 yil mavsumi uchun ipak qurti urug‘i yetkazib berish borasida muzokaralar o‘tkazildi. Ikki davlat o‘rtasida ipak qurti urug‘i tayyorlashda mutaxassislar almashish borasida kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiya a’zolari Jedang provinsiyasi Xuju shahridagi avtomatlashtirilgan ipak qurti parvarishlash korxonasida ham bo‘ldi.
Mazkur qurtxonada bir yilda 8 marotaba va 1 gektar yerda 30 quti ipak qurti parvarishlanadi. U yerda ham ikki tomonlama tajriba almashish borasida kelishib olindi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolarining navbatdagi manzili Shandon provinsiyasidagi kanakunjut ilmiy tadqiqot institutida bo‘ldi.
Qayd etilishicha mazkur institut tajriba dalasida 200 dan ortiq kanakunjut o‘simligi navi parvarish qilinmoqda. Institutda olimlar tomonidan kanakunjut ipak qurti parvarishlash texnologiyasi bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.

O‘zbekistonda kanakunjut ipak qurti yetishtirish bo‘yicha mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shu bilan birga, delegatsiya tomonidan Guanshi provinsiyasida ipak qurtini intensiv boqish bo‘yicha ham Xitoy tajribalari o‘rganildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA